YeI anjumanni nega tark etdi?
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati AQSH bosimidan keyin noxolis axborot tarqatilishiga qarshi kurash mavzusidagi xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtadi. Vilnyusda o‘tayotgan tadbir oldidan qabul qilingan qaror yevropalik deputatlar va fuqarolik jamiyati vakillari tanqidiga sabab bo‘ldi.
Yevropa tashqi faoliyat xizmati dasturdagi ayrim masalalar muhokamasi YeI rasmiy qarashiga mos kelmasligini bildirdi. Binobarin, aynan qaysi mavzular e’tiroz uyg‘otgani ochiqlanmagan.
“Euronews” ma’lumotiga ko‘ra, Kanada va Litva ham AQSH Davlat departamenti bosimidan keyin tadbir materiallaridan o‘z logotipi olib tashlanishini so‘ragan. Tanqidchilar bunday qaror ko‘hna qit’a demokratiyasini himoya qilish va fuqarolik jamiyatini tashqi aralashuvdan asrash borasidagi ittifoq majburiyatiga zidligini aytmoqda.
Bahsning asosiy nuqtasi – Qo‘shma Shtatlarning o‘zi ham Yevropada axborot manipulyatsiyasi va aralashuvi manbai bo‘lishi mumkinligi masalasi. Tadbirda ayni mavzu ham ko‘tariladi. Ayrim yevropalik deputatlar Vashingtonning ehtimoliy aralashuvini ham boshqa davlatlarniki kabi xolis baholash zarurligini ta’kidlasa, boshqalar AQSH bilan munosabatga putur yetkazmaslik kerakligini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA