Filadelfiyada Vatanimiz bayrog‘i hilpiradi (+video)
Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlari Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ko‘tarilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Filadelfiya shahri ma’muriyati va diplomatik korpus killari, yurtimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi xodimlari, vatandoshlarimiz hamda AQSHning turli hududlaridan mehmonlar ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar mazkur tarixiy voqeaning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabat, madaniy aloqalar va vatandoshlarimiz faoliyati xususida fikr bildirdilar.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi. Ta’kidlash joiz, ayni lahzalar qatnashchilarda o‘zgacha faxr, iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Filadelfiya meri Sherell Parkerning rasmiy qutlovi o‘qib eshittirilishi “Vatan Global Alliance” hamjamiyati tashabbusi bilan uyushtirilgan tarixiy anjumanning o‘ziga xos ahamiyatini tasdiqlaydi. E’tiborli jihati, 8-oktabr ushbu shaharda “O‘zbekiston kuni” deb elon kilindi.
Tantanali qismdan so‘ng yig‘in bayramona ruh oldi. O‘zbek milliy qo‘shiqlari, karnay-surnay sadosi yangradi, san’atkorlar o‘z chiqishlarini namoyish etdi. O‘yin-kulgi, milliy raqslarimiz bayramga yanada shukuh bag‘ishladi.
Filadelfiya markazida mamlakatimiz bayrog‘i mag‘rur hilpirashi nafaqat bugungi kun, balki kelgusi avlod vakillari uchun ham muhim tarixiy voqelikdir. Zero, bunday tadbirlar xorijda yashayotgan vatandoshlarimizni yanada jipslashtirib, ularning Vatan bilan aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bahodir Sharopov, O‘zA
Filadelfiya, AQSH