Sahnada tarix va xotira saboqlari
Andijon davlat texnika institutida o‘zbek milliy uyg‘onish davrining yetuk namoyandalaridan biri, atoqli shoir, nosir, dramaturg, tilshunos va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Sahna asarlari tanlovi” o‘tkazildi.
“Xotira va tarbiya” shiori ostida tashkil etilgan tanlovda institut fakultetlarining talabalar teatr studiyalari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy tarix va ma’naviy merosni yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib qilish, buyuk ajdodlar hayoti va ijodini chuqur o‘rganishga qiziqishni oshirish, talabalarning ijodiy qobiliyati va sahna madaniyatini rivojlantirishdan iborat.
Talabalar sahna ko‘rinishlari orqali Abdurauf Fitratning hayoti va ijodiy faoliyati, milliy uyg‘onish g‘oyalari hamda jadidchilik harakatidagi o‘rnini yoritishga harakat qildi. Sahna asarlarida tarixiy voqealar mazmun-mohiyatini ochib berish, obrazlarni ishonarli talqin etish va badiiy yechimlarga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-31799]
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan asarning mazmun-mohiyati, dramaturgik yechimi, rejissurasi, aktyorlik mahorati, sahna bezagi, libos va musiqiy uyg‘unligi hamda ta’sirchanligi kabi mezonlar asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Avtomobilsozlik va transport fakulteti hamda Qurilish muhandisligi va elektroenergetika fakulteti jamoalari keyingi o‘rinlarga munosib deb topildi.
Tanlovning yana bir muhim jihati shundaki, mazkur tashabbus bir martalik tadbir sifatida emas, balki muntazam davom ettiriladigan ijodiy loyiha sifatida yo‘lga qo‘yilgan. Loyihaning keyingi bosqichlarida har oy “Xotira va tarbiya” shiori ostida siyosiy qatag‘on qurbonlarining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna asarlari namoyish etiladi.
Bunday ijodiy jarayonlar talabalarga sahna mahoratini namoyon etish barobarida, milliy tarixning murakkab va muhim davrlarini o‘rganish, ajdodlar xotirasini e’zozlash, ularning ilmiy-ma’rifiy va adabiy merosini keng targ‘ib etish imkonini beradi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA