Umiddan imkoniyat sari
“El-yurt umidi” — iqtidorli yoshlar uchun dunyo ta’limiga ochilgan yo‘l. Bugun dunyoda mamlakatning raqobatbardoshligi, avvalo, uning tabiiy boyliklari yoki iqtisodiy qudrati bilan emas, bilimli, zamonaviy fikrlaydigan va yuksak salohiyatli kadrlari bilan belgilanmoqda. Ilm-fan, innovatsiya va texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va xalqaro tajribaga ega mutaxassislar sifatida shakllanishi uchun sharoit yaratish strategik vazifaga aylandi.
Shu ma’noda, Prezident tashabbusi bilan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xorijda ta’lim olishi va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirayotgan muhim mexanizmlardan biridir.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari ham ana shu imkoniyatlarni yoshlarga yaqinlashtirish, ularga xorijiy ta’limning keng eshiklarini ochib berish va eng muhimi, “men ham qodirman” degan ishonchni shakllantirishga qaratildi.
Buxoro pedagogika institutida tashkil etilgan ochiq muloqotda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining yoshlari, professor-o‘qituvchilar, iqtidorli talabalar hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.


Tadbir doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasining faoliyati, xorijda ta’lim olish va stajirovka o‘tash imkoniyatlari, stipendiya tanlovlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar hamda hujjat topshirish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu yerda e’tiborli jihat shundaki, jamg‘arma faoliyati faqat stipendiya berish bilan cheklanmaydi. U iqtidorni aniqlashdan tortib, xorijda ta’lim olish, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va yurtga qaytgach, olingan bilimlarni amaliyotga tatbiq etishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. Ya’ni gap faqat “xorijda o‘qish” haqida emas. Gap mamlakat kelajagi uchun yangi avlod milliy kadrlarini tayyorlash haqida ketmoqda.
Prezidentning iqtidorli mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari zamirida muhim bir maqsad mujassam: yoshlar dunyoni ko‘rsin, ilg‘or ta’lim va tajribani o‘rgansin, zamonaviy bilimlarni egallasin va eng muhimi — bu salohiyatni Vatan taraqqiyotiga yo‘naltirsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham ana shu yo‘nalishdagi imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.


Tadbirda mazkur hujjatning mazmun-mohiyati, ochiq stipendiya tanlovlari, tanlov bosqichlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi. Shuningdek, maqsadli stajirovka dasturlari, tarmoqlar kesimidagi imkoniyatlar, kvotalar, ustuvor xorijiy davlatlar hamda stajirovkadan keyingi faoliyat mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Buning ahamiyatli jihati shundaki, xorijda ta’lim olgan mutaxassislarning kelajakda davlat xizmati va milliy kadrlar zaxirasiga jalb etilishi uchun ham mexanizmlar yaratilmoqda. Bu juda muhim. Chunki bugun xorijning eng nufuzli ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bir yoshning muvaffaqiyati faqat uning shaxsiy yutug‘i emas. Uning ortida mamlakatning intellektual salohiyati, iqtisodiy raqobatbardoshligi va kelajakdagi boshqaruv sifati turibdi.


Bugun dunyoning ilg‘or davlatlari eng katta sarmoyani inson kapitaliga kiritmoqda. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda eng qimmat resurs — tabiiy boylik emas, yangi g‘oya yarata oladigan inson. Shu nuqtai nazardan, iqtidorli yoshlarni xorijda o‘qitish — xarajat emas, balki mamlakat kelajagiga qilingan strategik investitsiyadir.
Buxoroda o‘tkazilgan “El-yurt umidi” tadbirlari ana shu keng qamrovli maqsadlarning amaliy davomi bo‘ldi. Endi vazifa — berilgan imkoniyatdan samarali foydalanish.
Buxoroning har bir tumani, har bir mahallasida o‘z iqtidori bilan ajralib turgan yoshlar bor. Ular orasida kelajak olimlari, tadbirkorlari, muhandislari, shifokorlari, pedagoglari va davlat boshqaruvi mutaxassislari bor. Ularni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash, bilim olish uchun sharoit yaratish va salohiyatini Vatan ravnaqiga yo‘naltirish — bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri