Namanganda iqtisodiy o‘sishga erishilmoqda
Bugungi kunda 3 million 214 mingga yaqin doimiy aholisiga ega bo‘lgan, respublikaning kichik biznes, tadbirkorlik markazi hisoblangan Namangan viloyati iqtisodiyotida barqaror o‘sishga erishilmoqda.
Viloyat statistika boshqarmasi bosh mutaxassisi Nuriddin Ismoilovning qayd etishicha, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida viloyat yalpi hududiy mahsuloti 45,5 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 108,3 foizga yetdi.

Jumladan, aholining umumiy daromadlari 36,6 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,5 foizga oshdi. Hisobot davrida 20,3 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, fizik hajm indeksi 108,7 foizni tashkil qildi.
Birgina qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 21,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 104,9 foizga yetdi.

Qurilish sohasida bajarilgan ishlar hajmi esa 8,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 113,4 foiz bo‘ldi. Bozor xizmatlari hajmi esa 30,7 trillion so‘mga yetdi va 115,9 foizlik o‘sish qayd etildi.
Chakana savdo tovar aylanmasi 15,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24,7 foizga oshdi. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 36,6 trillion so‘m bo‘lib, o‘sish sur’ati 120,1 foizga yetdi.

O‘tgan davrda 18,6 million tonna yuk tashilib, o‘sish sur’ati 110,9 foizni tashkil etdi. Yo‘lovchi tashish hajmi esa 267 million kishiga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 885,4 million dollarni tashkil qildi. Shundan eksport hajmi 393,2 million dollar bo‘lib, o‘sish sur’ati 120,7 foizga yetdi. Import esa 49,2 million dollarni tashkil etib, 108,8 foizlik o‘sishga erishildi.
E’tirof etish darkor, viloyatda investitsiyalar oxirgi besh yilda 5,4 barobarga oshdi. 2022-yilning yanvar–iyun oylarida asosiy kapitalga 6,8 trillion so‘m investitsiya kiritilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 8,6, 2024-yilda 25,9, 2025-yilda 30,3 trillion so‘mga yetgan. Investitsiyalar hajmi 2026-yilda 36,6 trillion so‘mni tashkil qildi. Shu tariqa, joriy yildagi ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 5,4 barobarga oshdi.

Ushbu manba hisobiga 29,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Korxonalar mablag‘lari hisobidan 3,1 trillion so‘m, bank kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari hisobidan 1,1 trillion so‘m investitsiya o‘zlashtirildi.
Shuningdek, aholi mablag‘lari hisobidan 1,6 trillion so‘m, respublika kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobidan 888 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Byudjet mablag‘lari hisobiga esa 722,8 milliard so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi.

E’tiborlisi shundaki, Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohalarida barqaror o‘sish ta’minlanmoqda. Shu yil yanvar–iyun oylarida mazkur yo‘nalishlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 21,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 4,9 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Pop tumanida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda 2 trillion 395,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Bu borada mazkur ko‘rsatkich Chust tumanida 2 trillion 123,5 milliard so‘mni tashkil etdi. To‘raqo‘rg‘on tumanida 2 trillion 28,7 milliard so‘m, Namangan tumanida 1 trillion 972,9 milliard so‘m, Uchqo‘rg‘on tumanida 1 trillion 952,2 milliard so‘mlik qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulotlari yaratildi.

Uychi tumanida 1 trillion 793,5 milliard so‘m, Mingbuloq tumanida 1 trillion 699,6 milliard so‘m, Chortoq tumanida 1 trillion 593,7 milliard so‘m, Yangiqo‘rg‘on tumanida 1 trillion 410,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Kosonsoy tumanida 1 trillion 343,1 milliard so‘m, Namangan shahrida 1 trillion 155,9 milliard so‘m, Norin tumanida 1 trillion 155,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.