Tramp Nobel qo‘mitasi qaroridan norozi
– Men sakkiz urushni hal qildim, 2 tasini tugatish yoki bartaraf etishga yaqinman, barcha isroillik asirlar, jumladan oxirgi 28 nafarini qaytardim, dunyoning turli burchaklarida yuzlab garovga olinganlarni ozod qildim, Venesueladagi urushda g‘alaba qozondim, bu mamlakatni shafqatsizlarcha boshqargan diktatorni qo‘lga oldim va terrorning birinchi raqamli davlat homiysi Eron Islom Respublikasi yadroviy qurolga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qildim - va yana boshqa ko‘p ishlar! Shunga qaramay, na men, na Amerika Qo‘shma Shtatlari Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lmadik.Bu bayonotni AQSH Prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda yozib qoldirgan. Shuningdek, u Tinchlik mukofoti Navi Pillayga berilgani munosabati bilan tanqidiy fikrini ham sahifasiga qayta joylashtirdi.
Yetakchi amerikalik advokat Devid Shoenning “Nobel qo‘mitasi o‘zini butunlay sharmanda qildi va bir vaqtlar buyuk hisoblangan tinchlik mukofotini BMTning Navi Pillayiga berish orqali qadrsizlantirdi” mazmunidagi fikrini ham joylashtirdi.
Xullas, bu yil ham Nobel tinchlik mukofoti Trampga nasib etmadi. Bu unvonga Janubiy Afrikalik advokat va inson huquqi faoli Navanetem (Navi) Pillay munosib ko‘rildi. Norvegiya Nobel qo‘mitasi uning tinchlik va xalqaro huquqni targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatini yuqori baholadi.
– Pillay Amerika va Isroildan ochiqcha nafratlanadi, – deb yozgan edi advokat Devid Shoyen. – O‘z qarashi bilan u terrorchilarni ulug‘lab, HAMAS guruhini qo‘llab-quvvatlagan. Isroil tomonidan sodir etilgan genotsidni aniqlagani to‘g‘risida da’vo qilib, ushbu mamlakatni jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirib, soxta “tergov” o‘tkazdi. Uning biror oddiy sohada obro‘si yo‘q, tinchlikni targ‘ib qilish uchun hech narsa qilmagan. Aksincha…

Shon Trampning yutuqlarini sanab o‘tib, uning sharofati bilan Avraam kelishuvi paydo bo‘lgani, o‘zi Rossiya – Ukraina urushini tugatish, Eronni to‘xtatish va G‘azo sektorini tiklash yo‘lida harakat qilayotganini ta’kidlagan.
2025-yil Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan. AQSHning Venesuela Prezidenti Maduroni qo‘lga olish amaliyotidan ko‘p o‘tmay, u mukofotni Prezident Trampga topshirdi.
S.Rahimov, O‘zA