"Oq oltin"ni mehnatkash qo‘llar yaratadi (+video)
Jizzax viloyatining Arnasoy tumani dalalarida paxta terim mashinalari jadal harakatlanmoqda.
Bu maydon Arnasoy tumanidagi Mustaqillik suv iste’molchilari uyushmasi hududida joylashgan “Soriyev Jo‘rabek” fermer xo‘jaligiga qarashli. 27 gektar maydonda Xitoy seleksiyasiga mansub “57” navli g‘o‘za qo‘shqator usulida yetishtirilgan. Bugun esa shu yerda hosilni yig‘ib olish jarayoni kechmoqda.
Terim mashinalari dala bo‘ylab olg‘a siljigan sari paxta egatlarida iz qoladi. Mashinalar bir maromda harakatini davom ettiradi, daladagi ish esa uzluksiz davom etadi. Bu manzaraga qarab, fermerning nega aynan qo‘shqator usuliga e’tibor berganini anglash qiyin emas.

– Ilgarigi yillarda yakka qator usulida ekilgan maydonlardan gektariga 35-40 sentnerdan hosil olganmiz. Bu yil qo‘shqator usulida yetishtirilgan paxtadan gektariga 60–65 sentnergacha hosil olishni ko‘zlayapmiz. Hozirgi terim jarayonidagi ko‘rsatkichlar bunga umid uyg‘otmoqda, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Rafael Sharapov.
Arnasoyda bu yil paxtachilik mavsumi ham katta vazifalar bilan boshlangan. Tumanda 284 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 7 ming 200 gektar maydonda paxta yetishtirilmoqda. Shartnomaviy reja 34 ming 470 tonna etib belgilangan.

Shundan 3 ming 652 gektarida Xitoyning “Xin Lu Zao-57” (“Xitoy-57”), “XingluZao-72”, “Hongtai-6636” va “Xin Lu Zhong-52” navlari “Shinjon” usulida parvarishlangan. Qolgan maydonlarda ham xorijiy navlar qo‘shqator usulida yetishtirilgan.
Endigi vazifa daladagi sur’atni pasaytirmaslik. Mavsumda yetishtirilgan hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish uchun tumanda 30 ta paxta terish mashinasi, 269 ta paxta tashish texnikasi va 10 ta maxsus yuklagich ishga jalb etilgan.

“Soriyev Jo‘rabek” fermer xo‘jaligidagi terim ham ana shu katta jarayonning bir qismi. Mashinalardan biri qatorlarni ortda qoldirib borayotgan bir paytda daladagi boshqa texnika hosilni tashishga shay. Demak, bu yerda terimning har bir daqiqasi keyingi jarayon – paxtani qabul qilish va qayta ishlash bilan uzviy bog‘langan.
Tumanda yetishtirilgan paxta xomashyosini qabul qilish uchun bir paxta qabul qilish zavodi va uchta paxta qabul qilish maskani faoliyat ko‘rsatishi belgilangan.

Qo‘shqator usulining haqiqiy bahosi ham aynan shu yerda – dalada, terim paytida bilinmoqda. Fermer kutayotgan eng muhim raqam – har gektardan olinadigan yakuniy hosil. “Oq oltin”ning salmog‘i esa daladagi mehnatning eng xolis mezoni bo‘lib qolaveradi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri (+video)