Kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy aylanmasi fosh etildi
Bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Xususan, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazgan.
Tadbir davomida 47 yoshli fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, yerto‘lada qonunga xilof ravishda saqlanayotgan 84 dona konvalyutadagi jami 1176 dona «Regapen» dori vositasi aniqlangan va ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan sud-kimyoviy ekspertiza natijalariga ko‘ra, mazkur dori vositalari tarkibida jami 352,5 gramm «pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjudligi tasdiqlangan. Amaldagi tartibga ko‘ra, «pregabalin» moddasining 10 grammdan ortiq miqdori ko‘p miqdor hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yana bir holat Buxoro viloyatida aniqlangan. Viloyat bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida tarkibida «gabapentin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 204 dona «Gabaten» dori vositasini 1600 AQSH dollariga sotishga uringan shaxs ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA