Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabar, kuzatuv va baholar berib boriladi. Bu jarayon mamlakatimizdagi islohotlar, iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va media sohasidagi yangilanishlar xalqaro axborot makonida qanday aks etayotganini ko‘rsatadi.
Kazinform: O‘zbekiston 2030-yilga borib xorijiy sayyohlar sonini 20 millionga yetkazmoqchi

Qozog‘istonning Kazinform agentligi O‘zbekiston 2030-yilga qadar turizmning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 7 foizga yetkazish, turizm xizmatlari eksportini 8 milliard dollardan oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi.
Nashrda 2025-yilda O‘zbekistonga qariyb 12 million nafar xorijiy sayyoh kelgani, bu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan olti barobar ko‘p ekani qayd etilgan. Shu davrda turizm xizmatlari eksporti 11 barobar oshib, 4,8 milliard dollarga yetgan.
Maqolada Xivada xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish, Samarqandda Ipak yo‘li muzeyini qurish, Qoraqalpog‘istonda arxeologik ob’ektlarga yangi turistik yo‘nalishlar ochish rejalari ham tilga olingan. Shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyani turizmga joriy etish, yagona milliy turistik platforma yaratish hamda gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiy va boshqa turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish rejalari yoritilgan.
Sinxua: Buxoro turizmi jadal rivojlanmoqda; O‘zbekiston innovatsion indeksda yuqoriladi

Xitoyning Sinxua axborot agentligi Buxoro Buyuk ipak yo‘lidagi qadimiy shahar sifatida dunyoning turli mamlakatlaridan sayyohlarni jalb qilayotganini e’tirof etdi.
Agentlik Buxoroning boy tarixi va madaniy merosi, shaharning xalqaro turizm markazi sifatidagi ahamiyatiga e’tibor qaratgan.

Shuningdek, Sinxua Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2026-yilgi Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 139 ta iqtisodiyot orasida 77-o‘rinni egallaganini xabar qildi. Mamlakat o‘tgan yilgi natijaga nisbatan ikki pog‘ona yuqorilagan.
O‘zbekiston daromadi past va o‘rta darajadagi 36 davlat orasida 8-o‘rinni, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida esa 11 davlat orasida 4-o‘rinni egallagan. “Innovatsion resurslar” subindeksida mamlakat 68-o‘rinni, “Innovatsion natijalar” subindeksida esa 78-o‘rinni qayd etgan. O‘zbekiston 2015-yilda mazkur reytingga birinchi marta kiritilganida 141 ta iqtisodiyot orasida 122-o‘rinda bo‘lgan.
Azertaj: O‘zbekistonda data-markazlarga investitsiya 6 milliard dollardan oshdi

Ozarbayjonning Azertaj agentligi O‘zbekistonda data-markazlar qurilishi bo‘yicha investitsiya majburiyati hajmi 6 milliard dollardan oshganini ma’lum qildi.
Nashrda mamlakat sun’iy intellektni rivojlantirish va xorijiy hisoblash resurslariga qaramlikni kamaytirish maqsadida O‘zbekiston hisoblash infratuzilmasini kengaytirib borayotgani qayd etilgan. NVIDIA texnologiyalari asosida yaratilgan davlat hisoblash klasteri foydalanishga topshirilganidan keyingi birinchi oyda 90 foiz yuklama bilan ishlagan.
Shuningdek, Azertaj Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi Toshkentda 12 megavatt quvvatga ega data-markaz barpo etayotgani, kelgusida uning quvvatini 300 megavattga yetkazish rejalashtirilganini yozgan.
BTA: O‘zbekiston MDH geologiya sohasidagi hamkorlikda ishtirok etmoqda

Bolgariya telegraf agentligi O‘zbekiston delegatsiyasi Minskda o‘tkazilgan MDHning mineral resurslarni o‘rganish, ulardan foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha Davlatlararo kengashining 29-sessiyasida ishtirok etgani haqida xabar berdi.
O‘zbekiston vakillari mamlakatda geologik qidiruv ishlari, raqamli geologik xaritalar tayyorlash va yagona milliy geologik ma’lumot bazasini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan.
APP: O‘zbekiston CICA orqali savdo, transport va investitsiya aloqasini kengaytirmoqda

Pokistonning “Associated Press of Pakistan” agentligi O‘zbekiston Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (CICA) doirasida eksportni kengaytirish, transport bog‘liqligini yaxshilash va investitsiya jalb etish imkoniyatini kuchaytirishga intilayotganini yoritdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Afg‘onistonning ulushi qariyb 53 foizni tashkil qildi. MDH mamlakatlari bilan savdo aloqalarida o‘sish kuzatilib, aylanma hajmi 2020-yildagi 11,8 milliard dollardan 2025-yil yakunlariga ko‘ra 28,1 milliard dollargacha oshdi.
Materialda transport yo‘laklarini rivojlantirish, Termiz muloqoti, Kaspiy mintaqasi portlari bilan aloqa, raqamli logistika va mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishdagi muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatilgan.
ByelTA: O‘zbekiston – Belarus forumida 420 million rubllik kelishuv va shartnoma imzolandi

Belarus davlat axborot agentligi Xivada o‘tkazilgan O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumi doirasida ikki kun davomida qariyb 420 million Belarus rubli miqdoridagi kelishuv va shartnoma imzolanganini xabar qildi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, forumda Belarus va O‘zbekiston korxonalari o‘rtasida 59 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan.
Shuningdek, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 550 ta kelishuv amal qilayotgani qayd etilgan. Forumning keyingi bosqichini Belarusda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA