92 yoshli chavandoz va Xummonning mashhur qurtobasi
Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumaniga qarashli Xummon va Qorabayir qishloqlari tog‘ oldida joylashgan so‘lim va betakror maskanlardan. Ayniqsa, bu yil bahorning seryog‘in kelgani asosan lalmi ekinlar yetishtiriladigan, chorva o‘tlatiladigan keng maydonlarga o‘zgacha husn bag‘ishlagan.
Bu manzil sari bepoyon yashilliklar oralab yo‘l olar ekanmiz, qalbimiz shavqqa to‘ladi. Musaffo havodan to‘yib nafas olamiz. Qishloqlar ortida pag‘a-pag‘a bulutlar bilan uyg‘unlashib ketgan qorli cho‘qqilar esa ko‘zni quvnatadi.
Mashinamiz motori soyliklarda ikki kun avval yoqqan yomg‘irdan yig‘ilib qolgan loylarda asabiy guvillaydi, shinalar sirpanadi. Har bir dovon ortida esa yana bir ertaknamo go‘zallik namoyon bo‘ladi. Tabiatning bu jozibasi insonga ekstremal zavq ham, ruhiy orom ham bag‘ishlaydi.
Aslida, bu manzilga bizni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 92 yoshli chavandoz haqidagi xabar yetaklab kelayotgan edi. Ammo yo‘l-yo‘lakay hududning o‘ziga xos tabiati, mehnatkash va samimiy odamlari haqida ham to‘xtalishni lozim topdik.
Nihoyat Xummon qishlog‘iga yetib keldik. Bizga hamrohlik qilgan “Hisor” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Farruh Po‘latov keyingi yillarda hudud aholisi tomorqachilik borasida sezilarli yutuqlarga erishayotganini aytib, xonadonlarga boshladi.
[gallery-28947]
Tog‘li hudud bo‘lgani bois bu yerda suv masalasi dolzarb. Shu sabab aholi asosan lalmi dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.
Xummonlik Sarvigul Jo‘rayeva – yolg‘iz ona. Bir nafar farzandi bor. Baxtsiz hodisa tufayli turmush o‘rtog‘idan ayrilgan. Ammo u hayot sinovlari oldida taslim bo‘lmagan. Oyoqqa turish, ro‘zg‘or tebratish va farzandini munosib tarbiyalash uchun mehnat qilmoqda.
U tomorqasida kartoshka, piyoz, no‘xat ekib, dehqonchilik qiladi. Yuzlab mevali daraxt ko‘chatlarini parvarishlab, yaxshi hosil olmoqda.
– Yozda suv tanqis bo‘lib qoladi, – deydi Sarvigul Jo‘rayeva. – Daraxtlarimni chelaklab sug‘oraman. Ekinlarimga ishlov beraman. Hosil pishgach, sotamiz. Mahalla ahli tashabbusi bilan suv keltirish rejalashtirilgan. Agar shu ish hal bo‘lsa, dehqonchilikni yanada rivojlantiramiz. Bo‘sh vaqtimda kashta tikish bilan ham shug‘ullanaman.
Darhaqiqat, Xummonda keyingi yillarda kasanachilik asosida kashtachilik ayollar uchun daromadli yo‘nalishga aylanmoqda. Shu qishloqlik Shodnisa Mahmudova o‘n nafardan ortiq ayolni atrofiga jamlab, bo‘sh vaqtlarida kashta tikmoqda.
– Qishlog‘imizda chorvachilik yaxshi rivojlangani uchun azaldan jundan gilam to‘qish, kashta tikish urf bo‘lgan, – deydi u. – Lekin buni tadbirkorlikka aylantirmagan ekanmiz. Keyingi yillarda Shahrisabz shahridagi hunarmandchilik markazi bilan shartnoma asosida buyurtmalar olib, keng ko‘lamda ishlayapmiz. Qancha ko‘p mahsulot tayyorlasak, daromad ham shuncha yaxshi bo‘ladi.
Aytgancha, xummonliklar tayyorlaydigan qurt va undan pishiriladigan qurtoba ta’mining o‘zgachaligi bilan mashhur. Buning sababi dorivor giyohlarga boy yaylovlarda oziqlangan chorvadan olinadigan sutning sifatida.
Qishloqdagi samimiy insonlar bilan suhbat asnosida qurtobaning tayyorlanish jarayonini bevosita kuzatish va ta’mini tatib ko‘rish nasib etdi.
Toshday qattiq quritilgan qurutlar katta tovoqqa solinadi. Ustiga qaynoq suv quyilib, qo‘lda aylantiriladi. Qurut asta-sekin eriy boshlaydi. Gigiyenik talabga ko‘ra, birinchi suv to‘kib tashlanadi. Keyingilari yig‘ib boriladi. Bu jarayon qurut batamom erimaguncha bir necha marta takrorlanadi. Ko‘rinishidan ayronni eslatuvchi suyuqlikka qorin yog‘i qo‘shilib, uchoqda pishiriladi. Sabr va mehr bilan tayyorlangan bu taomning ta’mi esa uzoq vaqt tilda qoladi.
Qishloq oqsoqoli Abduhalil Xolmurodovning aytishicha, Xummon qishlog‘ining tarixi qadimiy. Ilgarilari suv tanqis bo‘lgani uchun ichimlik suvini tashib kelib, katta xumlarda saqlashgan. Qishloq nomi ham shundan qolgan.
Xummonga yondosh Qorabayir qishlog‘i ham bor. Nomi ikki xil bo‘lsa-da, qishloqlarning to‘yi ham, ma’rakasi ham bir. Odamlari bir-biriga qarindosh, qondosh.
Biz izlagan 92 yoshli chavandoz Ahmad bobo Rahimov aynan shu qishloqda yashar ekan.
Siymosidan nur yog‘ilib turgan, qotmagina otaxon biz bilan ko‘risharkan, qo‘llarimizni mahkam siqdi. Hali-hamon bilaklari baquvvat. Uchlari egrilashgan barmoqlar esa yillar davomidagi ko‘pkari bellashuvlarining shiddatidan so‘zlab turardi.
Adirning kungay betida cho‘kkalab, faxriy chavandoz bilan suhbatlashdik.
– Ko‘rib turganingiz mana shu tog‘larda 40 yil ot choptirdim, – deydi Ahmad bobo. – Hech bir to‘ydan sovrinsiz qaytmaganman. “Razdva” laqabli otim bor edi. 20 yil men bilan ko‘pkarilarda qatnashdi. Otdan sodiq do‘st topolmaysiz.
Qishloqdoshlari aytishicha, chavandoz buva sira yutqazmagan. Hatto u kelmasin deb yashirincha ko‘pkari uyushtirilgan paytlar ham bo‘lgan ekan.
– Ko‘pchilik qishloqdoshlaringiz chavandoz buva sira yutqazmagan. Hatto zotlarni hammasini olib ketadi, deya sizdan yashirib ko‘pkari o‘tkazilgan holatlar ham bo‘lgan ekan, buning siri nimada?
– Doim to‘g‘ri yurdim, halollikni bosh mezon qildim, – deydi keksa chavandoz. – Ot ham, ko‘pkari ham egrilikni, haromni yoqtirmaydi. Shuning uchun g‘alaba qozonganman. Shu yoshimgacha ham shunday yashab kelyapman. Ot minish insonni sog‘lom qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bir marta ham shifoxona eshigini ko‘rmaganman.
Ahmad boboning dovrug‘i, yutuqlari, halolligi va matonati nafaqat Qorabayirda, balki atrofdagi qishloqlarda ham yosh chavandozlarga g‘urur va ibrat bag‘ishlaydi. “Ahmad chetgir” laqabi bilan mashhur chavandoz 92 yoshida ham bardam.
Ochig‘i, biz uning hali ham ot minishini ko‘rib ishonmadik. Ahmad bobo ko‘z o‘ngimizda hassasini chetga qo‘yib, mustaqil otga mindi. Hatto uni yo‘rg‘alatib ham keldi. Keksa chavandoz egarda ekan, ot ham uni tanidi, amriga bo‘ysundi.
Bahavo manzil, mo‘’tadil iqlim, tabiiy giyohlarga boy tog‘u toshlar, boldek shirin zilol suvlar. Bularning barchasi insonning sog‘lom va quvvatli bo‘lishiga xizmat qiladi. Buni Ahmad bobo misolida yana bir bor ko‘rish mumkin.
Xummon va Qorabayir safari bizda bir haqiqatni yana bir bor anglatdi: tog‘ qishloqlarida hayot og‘ir bo‘lishi mumkin, ammo bu yerdagi odamlar qalbi mustahkam, irodasi tog‘dek baland.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari