Profilaktika inspektorlari har chorakda aholi oldida hisobot beradi
“Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan profilaktika inspektorining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda xizmatni o‘tash tartibi belgilanmoqda. Xususan, inspektorning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish va unga qo‘shimcha vazifalar yuklashga yo‘l qo‘ymaslik nazarda tutilyapti.

Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining bugungi majlisida ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, qonun loyihasida profilaktika inspektorining asosiy va ko‘maklashuvchi vazifalari belgilab berilmoqda.
Jumladan, profilaktika inspektori huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlarni qabul qilib, ularga tezkor munosabat bildirishi, shaxslarni profilaktik hisobga va ma’muriy nazoratga olishi, umumiy, maxsus va viktimologik profilaktikani amalga oshirishi, huquqbuzarliklarni aniqlashi va ularga chek qo‘yishi, ma’muriy ishlarni yuritishi, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berishi, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarini olib borishi hamda jamoat xavfsizligi va ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, u qidiruv tadbirlarida ishtirok etishi, tegishli organlarga profilaktika ishlarida ko‘maklashishi, probatsiya nazoratidagi shaxslarni tekshirishi mumkin. Qurol va o‘q-dorilarni saqlash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishi, taqiqlangan va ekstremistik guruhlarga aloqador shaxslarni aniqlashda ishtirok etishi hamda oilalardagi ijtimoiy-maishiy muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etishda vakolatli organlarga ko‘maklashishi belgilab qo‘yilmoqda.
Profilaktika inspektori har chorakda xizmat hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot berishi belgilanmoqda. Bu esa uning aholi oldidagi hisobdorligini kuchaytiradi. Qolaversa, aholining profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish mexanizmi ham joriy etilyapti.
Hujjatda profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini mustahkamlash, ularning sha’ni va qadr-qimmatini davlat tomonidan himoya qilish, mehnatiga munosib haq to‘lash, xizmat va uy-joy sharoitlarini yaxshilash, samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga oid kafolatlar ham o‘z aksini topgan.
Muhokamalarda mazkur hujjat huquqbuzarliklar profilaktikasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, profilaktika inspektorlarining mas’uliyati va aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA