80 million so‘m aliment to‘lovi undirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga joriy yilning 1-choragida aliment undirish bo‘yicha 38 ta murojaat kelib tushgan.
Barcha murojaatlar Ombudsman nazoratiga olingach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan 32 ta ish ijobiy hal etildi. 31 mart holatiga ko‘ra, jami 80 million so‘m atrofidagi aliment to‘lovlari murojaatchilar foydasiga undirilgan.
Qonunchilikka asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga ko‘ra, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik 15 kun muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solinishi mumkin.
Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Qarzdorlarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ham aliment to‘lash majburiyati bajarilmasa, bu ularni jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida esa “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”, deb belgilangan.
O‘zA