8 davlatning yosh dzyudochilari Diyora Keldiyorova ishtirokidagi mashg‘ulotlarda qatnashmoqda
Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” yakkakurashlar majmuasida dzyudo bo‘yicha Chexiya, Ruminiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, BAA va Tojikistondan kelgan 350 nafarga yaqin o‘smirlar va O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazilmoqda.
Xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida xalqaro turnirlar g‘olibi, “Parij-2024” Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorova ham ishtirok etayotgani, yosh sportchilarga texnik-taktik usullar jamlanmasini taqdim qilayotgani katta ruhiy quvvat bag‘ishlamoqda.

Nafaqat o‘zbek, jahon sportining yorqin vakili D.Keldiyorova bilan birgalikdagi mashg‘ulotlar yosh sportchilar uchun kuchli ilhom manbai, shuningdek, dunyoning eng kuchli dzyudochilaridan biri bilan tajriba almashish imkoniyatini yaratmoqda.

“Olimpiya shaharchasi”ning keng imkoniyatlaridan bahra olayotgan xorijiy davlat terma jamoalari uchun ushbu mashg‘ulotlar yilning asosiy musobaqasi hisoblangan jahon chempionatiga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi.
Xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini 1-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA