78 nafar o‘qituvchiga yo‘l haqlari undirib berildi
Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, murojaatlarini ijobiy hal etish borasida adliya idoralari tomonidan olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor.
Namangan viloyati Yangi Namangan tumani adliya bo‘limi tomonidan 60-son umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Sh.T.ning yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchi bolalarni uyida o‘qitganlik uchun oylik yo‘l kompensatsiyasi to‘lab berilmaganligidan norozi bo‘lib yo‘llagan shikoyati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida murojaatchi haqiqatda maktab direktorining tegishli buyrug‘iga muvofiq, 2020-2024 o‘quv yillari davomida o‘quvchisi F.A.ga 1-4-sinflarda uyda yakka tartibda ta’lim berish uchun biriktirilganligi, biroq muallima ayolga uyda yakka tartibda ta’lim berganlik uchun yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lanmay kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi. Bu kabi holatlar Yangi Namangan tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tizimidagi boshqa maktablarda ham takrorlanganligi aniqlandi.
Xususan, tuman adliya bo‘limi hamda tuman moliya bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida 12-maktabda jami 29 o‘quvchiga ta’lim berayotgan 78 pedagog xodimga 2022–2023-o‘quv yili davomida 40 500 000 so‘m miqdorida yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lanishi lozim bo‘lsada, hozirgi kunga qadar to‘lab berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
– Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, o‘quvchiga ta’lim berayotgan o‘qituvchilarga belgilangan tartibda qo‘shimcha haq va yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lanadi, – deydi Yangi Namangan tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Murodulla Rahimov.
Adliya bo‘limi tomonidan Yangi Namangan tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan kiritilgan taqdimnomaga asosan, 60-son umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Sh.T.ga 4 706 500 so‘m miqdorida, tuman miqyosida esa 78 nafar o‘qituvchiga 40 500 000 so‘m miqdorida yo‘l haqi kompensatsiyasi to‘lanishi ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri