77 ta chiqindi poligonida saralash xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlashga yo‘naltirish va ikkilamchi xomashyodan samarali foydalanish borasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan 77 ta qattiq maishiy chiqindi poligonida chiqindilarni saralash xizmatini tashkil etish bo‘yicha tanlovlar davlat xaridlarining elektron platformasiga joylashtirildi.
Tanlovlar hududlar kesimida quyidagicha taqsimlangan:
Buxoro viloyati – 8 ta;
Jizzax viloyati – 11 ta;
Qashqadaryo viloyati – 4 ta;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 2 ta;
Navoiy viloyati – 7 ta;
Namangan viloyati – 6 ta;
Samarqand viloyati – 2 ta;
Surxondaryo viloyati – 6 ta;
Sirdaryo viloyati – 2 ta;
Farg‘ona viloyati – 6 ta;
Xorazm viloyati – 9 ta;
Andijon viloyati – 8 ta;
Toshkent viloyati – 6 ta.
Tanlovlarning asosiy maqsadi — poligonlarda chiqindilarni saralash tizimini yo‘lga qo‘yish, qayta ishlash mumkin bo‘lgan chiqindilarni alohida ajratib olish va ikkilamchi xomashyodan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Ayniqsa, chiqindilarni saralash tizimining poligonlarning o‘zida tashkil etilishi qayta ishlashga yo‘naltiriladigan chiqindilar hajmini oshirish bilan birga, ko‘milma chiqindilar miqdorini kamaytirishga ham xizmat qiladi. Bu esa poligonlarga tushadigan ekologik bosimni pasaytirishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik va investitsiya mexanizmlaridan foydalanishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborlisi, 77 ta poligonda saralash xizmatini yo‘lga qo‘yish nafaqat tadbirkorlar uchun yangi xizmat yo‘nalishi va investitsiya imkoniyatini yaratadi, balki chiqindilarni qayta ishlash zanjirini kengaytirish uchun ham zamin bo‘ladi. Natijada poligonga kelib tushayotgan chiqindilar tarkibidagi qayta ishlashga yaroqli materiallarni qayta iqtisodiy aylanmaga kiritish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish imkoniyatlari kengayadi.
Mavjud qonunchilikda chiqindilarni saralash va qayta ishlash jarayonlariga xorijiy hamda mahalliy investorlarni jalb etish, shuningdek, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi investorlarni belgilangan tartibda tanlab olish vazifalari belgilangan. Bundan tashqari kelgusida mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 2030-yilgacha 50 foizga qisqartirish, yangidan hosil bo‘layotgan chiqindilarni poligonlarga yo‘naltirmasdan, maksimal darajada qayta ishlash yoki kuydirish, sohaga sirkulyar iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish ham rejalashtirilgan.

Shunga muvofiq, Chiqindilarni boshqarish agentligi huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan hududlarda chiqindi poligonlarida saralash ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlangan va ularni amalga oshirish ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA