76 marta yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchi
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarima solish haqidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 60 kun ichida to‘lab qo‘yish qat’iy belgilangan.
Agar ana shu davr mobaynida belgilangan jarima to‘lanmasa, to‘plangan hujjatlar Majburiy ijro byurosi organlariga yuboriladi.
Byuro organlariga kelib tushgan har bir hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida qaror qabul qilinib, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlar davomida “hech kim bilmaydi yoki ko‘rmaydi” qabilida ish tutib yurgan haydovchilar ham aniqlanmoqda. Jumladan, Damas rusumli transport vositasi haydovchisi M.Q. ana shunday olg‘irlardan bo‘lib chiqdi. U yo‘l harakati qoidalarini 76 marotaba buzgan, 30,8 mln. so‘m qarzdorlik aniqlangan. Bu bo‘yicha hujjatlar Byuro organlariga yuborilgan. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirilgan. Biroq haydovchi qarzdorlikni bartaraf etish o‘rniga mashinani yashirincha minib yurgan. Olib borilgan tadbir davomida transport vositasi qarzdorlikni to‘lamagani uchun vaqtincha jarima maydonchasiga tortildi.
O‘zA