74 mingga yaqin muhojir uyga qaytarildi
Aholi bandligini ta’minlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biri.
Shu munosabat bilan Namanganda viloyat hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi viloyat hududiy filiali hamkorligida “Bandlik organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar, xorijda ishlayotgan migrantlar oilasidan xabar olish va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafarjon Ikromovning qayd etishicha, Namanganda Prezidentimizning shu yil 9 yanvardagi “2024 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 350,5 mingta (shundan, 112,5 ming doimiy, 122,7 ming mavsumiy va 115,3 ming legallashtirish hisobiga) hamda klasterlar tomonidan qo‘shimcha 83 mingta ish o‘rnilari yaratilib, jami 433 ming aholi bandligini ta’minlash maqsad qilingan.

O‘tgan yanvar-iyun oylarida 188 ming nafardan ziyod hamyurtlarimiz ish o‘rinlariga ega bo‘ldi. Albatta, aholi bandligini ta’minlashda Sayxunobod va Uychi tajribalari asosida aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash, avvalo, bandlik masalasida yangi ishchi o‘rinlari yaratilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Uychi tumanini ishsizlikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dastur asosida yil boshiga ishsizlik 6,9 foizni (6 ming 462 nafar ishsiz) va kambag‘allik 10,4 foizni (5,3 ming ta oila) hamda 7 ming 344 nafar fuqaro mehnat migratsiyasida yurganlarni tashkil etgan. Joriy yilning 1 iyul holatiga, 3 ming 613 nafar (jumladan, ta’lim muassasalarining bitiruvchilari 1 ming 984 nafar, migratsiyadan qaytishi kutilayotganlar 1 ming 477 nafar) fuqarolar mehnat bozoriga kirib keldi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida Uychida so‘ngi uch oy muddatda dastur doirasida 1 iyul holatiga jami 19 ming 801 kishining bandligi ta’minlandi.

– Aytish kerak, ilgari chet elga ishlagani ketgan odamlarning kelgusidagi taqdiri bilan biror bir davlat idorasi jiddiy shug‘ullanmagan. Keyingi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” tamoyilini hayotga izchil tatbiq etilishi natijasida migrantlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, – deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Namangan hududiy filiali rahbari Muhammadayubxo‘ja Appaqov. – Yurtimizdagi qulay biznes va ishbilarmonlik muhiti, sanoatni jadal rivojlanayotgani tufayli yuqori daromadli ish o‘rinlari ortayotganligi samarasida xorijda ishlayotgan 73 ming 800 nafar migrant o‘z uylariga qaytarildi. Agentlik filiali tomonidan ham xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, davlat tomonidan ajratilayotgan imtiyozlar manzilli ravishda amalga oshirilmoqda.
Xususan, mehnat migrantlarining oila a’zolarini uy-joy sharoitlarini yaxshilashga doir davlat dasturlarining ijrosi doirasida mahalliy hokimliklar huzuridagi komissiyalarga 325 nafar mehnat muhojiri oilasiga maxsus tasdiqnomalar (15 nafariga uy-joy) berildi. Xorijda ishlayotgan hamyurtlarimiz va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1,6 mingdan ortiq kishiga axborot va maslahat xizmati, 1,3 ming kishiga huquqiy, 761 nafariga moddiy va ijtimoiy, 877 nafariga psixologik, 698 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.