65-Xalqaro gullar festivali o‘zgacha shukuhda o‘tadi
Gullar diyori Namanganning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan xalqaro gullar festivali boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni vaqtda viloyatda joriy yil yubiley sanasi nishonlanadigan bayramga puxta taraddud ko‘rilmoqda.
Go‘zallik va nafosat anjumani oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar bilan uchrashgan Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov oltmish beshinchi bor o‘tkazilajak festivalning o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ochiq muloqot tarzida kechgan matbuot anjumanida gullar bayramiga tadorik ishlari, mavjud masalalar va takliflar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, gullar bayrami doirasida Namangan shahri bo‘ylab 120 turdagi 150 million tup gul ko‘chati zamonaviy landshaft – dizayn asosida ekilib, bu borada Ginnesning rekordlar olami kitobidan joy olishi kutilmoqda.
[gallery-29230]
Festival doirasida madaniy va ma’rifiy tadbirlar, teatr va sirk tomoshalari, gala konsertlar, modalar haftaligi, sanoat yarmarkasi va boshqa 150 dan ziyod xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlar o‘tkaziladi.
Anjumanda jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollari festivalni yuqori saviyada yoritish, axborot tarqatishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiluvchi targ‘ibot kampaniyalarini kuchaytirish yuzasidan o‘z mulohaza hamda tashabbuslarini bildirdi. Qariyb ellik kun davom etadigan festival munosabati bilan Namangan viloyatida turizmning boshqa yo‘nalishlarida foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish, investitsiya jozibadorligini oshirish, infratuzilmani yaxshilash, transport va logistika, mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaxshilash singari muhim masalalarda ham fikrlar almashildi.
Viloyat rahbari barcha takliflar e’tibor bilan o‘rganilishini, festival nafaqat go‘zallik bayrami, balki hududning investitsiyaviy va turistik salohiyatini namoyon etuvchi katta maydon ekanligini e’tirof etdi.
Muloqotda media vakillari bilan hamkorlikni muntazam olib borish, festivalni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish ustuvor vazifa ekanligi qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA