60,6 milliard so‘mlik qo‘shimcha qiymat solig‘i qaytarildi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmat ko‘rsatish, turizm, umumiy ovqatlanish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Bu sohalar iqtisodiyotning eng faol va katta ish o‘rinlari yaratuvchi segmentlaridan biridir.
Shu boisdan davlat soliq yukini yengillashtirish va biznes aylanmasini oshirishga qaratilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) qaytarish mexanizmlarini kuchaytirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, qo‘shilgan qiymat solig‘i korxona soliq sifatida to‘lab qo‘ygan mablag‘ni qisman qaytarib olsa, uni qo‘shimcha investitsiya, tovar aylanmasi, ishchi kuchiga sarflay oladi. Bu biznesning likvidligini oshiradi. Misol uchun, xizmat ko‘rsatish va agrar sektorda xom ashyo, energiya, logistika xarajatlari yuqori.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishi umumiy xarajatlar bazasini pasaytiradi. Ijtimoiy-iqtisodiy muhitda ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning foyda normasi ko‘payadi. Bu, o‘z navbatida uzoq muddatli barqarorlikka xizmat qiladi.
Imtiyozlar orqali tadbirkorlik faolligining oshishi xizmat sifatini yaxshilaydi, bozorda sog‘lom raqobatni kuchaytiradi. Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilgan ushbu imtiyoz aylanma mablag‘ni ko‘paytirish, xarajatlarni qisqartirish va rentabellikni oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 26 noyabr holatiga 60,6 milliard so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘i turizm, ovqatlanish va qishloq xo‘jaligining asosiy yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi korxonalarga qaytarildi.
Qaytarilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining sohalar bo‘yicha taqsimoti quyidagicha: turoperatorlar (41 ta korxona) — 2,1 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Turistik kompaniyalar uchun soliq yukining kamayishi ularning yangi yo‘nalishlar va turmahsulotlar taklif qilish imkoniyatini kengaytiradi. Mehmonxonalar (163 ta ob’ekt) 9,2 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va infratuzilmani yangilashda bu mablag‘ muhim omilga aylanadi.
Umumiy ovqatlanish korxonalari (652 ta) — 44,6 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Eng katta ulushni tashkil etgan ushbu qo‘llab-quvvatlash xarajatlarni qisqartirib, rentabellikni oshiradi va bozorda raqobatni jonlantiradi. Chorva va parrandachilik xo‘jaliklari (80 ta) — 4,7 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
Agrosanoat tarmog‘ida aylanma mablag‘ning ko‘payishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va mahsulot tannarxini barqaror ushlab turishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, 60,6 milliard so‘mlik qo‘shimcha qiymat solig‘i qaytarilishi iqtisodiyotning xizmat va agrar tarmoqlarini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu chora-tadbirlar biznes yukini yengillashtiradi. Sohalarda faollikni oshiradi. Bozorda raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA