6 marotaba sudlangan shaxs ushlandi
Hozirda unga nisbatan firibgarlik jinoyati sodir etganligi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 27-iyul kuni Nukus shahrida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan fuqaro Q.X. Milliy gvardiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasiga murojaat etib, unda oʻzini Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV tizimida ishlovchi “Shuhrat” deb tanishtirgan shaxs moddiy manfaat evaziga Milliy gvardiyaga ishga kiritib qoʻyishini vaʼda etib, pasport va harbiy guvohnomasi nusxalarini topshirish uchun dastlab 900 ming soʻm talab qilganligini maʼlum qilgan.
Murojaat asosida Milliy gvardiya shaxsiy tarkib boʻyicha inspeksiyasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor oʻrganishlar natijasida oʻzini “Shuhrat” deb tanishtirgan shaxs 2020-yil iyul oyida Nukus shaharda yashovchi 1995-yilda tugʻilgan fuqaro S.A. hamda 1997-yilda tugʻilgan fuqaro Q.J.lardan ham Milliy gvardiyaga tez kunda ishga joylashtirishni vaʼda qilib har biridan 2 million soʻmdan, jami 4 million soʻm pul olganligi aniqlangan.
IIV Oʻz xavfsizligi boshqarmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boʻlimi, Milliy gvardiya va Bosh prokuratura Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida 2020-yil 28-iyul kuni “Shuhrat” tomonidan yuborilgan “Spark” rusumli avtomashina haydovchisi Nukus shahrida joylashgan “Navroʻz” kafesi oldida fuqaro Q.X.dan oldindan kelishilgan 900 ming soʻm pul, pasport va harbiy guvohnoma nusxalarini “Shuhrat”ga berib qoʻyish uchun olayotgan vaqtda ushlangan.
Oʻrganish davomida “Spark” avtomashinasi haydovchisi, 1993-yilda tugʻilgan Nukus shahrida yashovchi fuqaro S.M. yoʻnalishsiz taksi haydovchisi ekanligi, “Shuhrat” ismli shaxs undan 900 ming soʻm pul, pasport va harbiy guvohnoma nusxalarini “Navroʻz” kafesi oldidan fuqaro Q.X.dan olib kelib berishni soʻraganligi aniqlangan.
Tadbir davomida kelishilgan holda ushbu pul va hujjat nusxalarini Nukus shahrida joylashgan “Shax-Saray” kafesi oldida “Spark” haydovchisi S.M.dan olayotgan vaqtda “Shuhrat” ismli shaxs tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan. Bu shaxs 1987-yilda Nukus shahrida tugʻilgan, muqaddam bosqinchilik, bezorilik, firibgarlik va oʻgʻirlik jinoyatlari uchun 6 marotaba sudlangan, Kegeyli tumanida yashovchi fuqaro N.A. ekanligi aniqlandi.
Hozirda unga nisbatan firibgarlik jinoyati sodir etganligi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.