500+Mehr farishtalari loyihasi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik hamda xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash borasida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov tashabbusi hamda saxovatpesha homiylar tomonidan “500+MEHR FARISHTALARI” loyihasi doirasida xayriya tadbiri o‘tkazildi. Aytish joizki, bugun quvonchdan, baxtdan barchaning ko‘zida yosh. Sababi “500+Mehr farishtalari” loyihasi aynan bugun, yetimlar ko‘nglini shod etishni maqsad qildi va buni uddaladi. E’tibordan boshi osmonga yetayotgan bolajonlarning esa shodliklarini ta’riflashga so‘zlar ojizlik qilmoqda.






Tadbir ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. 500 dan ortiq bolajonlar qalbi yayradi. Xayriya fondi, saxovatpesha tadbirkor homiylar tomonidan bolajonlar hamda ularning ota-onalariga qimmatbaho esdalik sovg‘alari ulashildi. Tadbirda xushovoz xonandalar taklif etilib, bolajonlar ko‘nglini xushnud etdi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ham qatnashdi.
Zarif Komilov,
O‘zA