5 ta viloyatda Prezident maktabi qurilmoqda. Qabul muddati maʼlum
Oʻquv muassasalari boshqa Prezident maktablari kabi 168 oʻquvchiga moʻljallangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi xabar qilishicha, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand va Fargʻona shaharlarida Prezident maktablarini qurish va jihozlash ishlari davom etmoqda.
Maktablar Samarqand shahri Amir Temur koʻchasida, Qarshi shahri Alisher Navoiy nomli istirohat bogʻiga tutash hududda, Jizzax shahri Olimpiya zaxiralari sport kolleji yonida, Fargʻona shahar Qashqar koʻchasi va Buxoro shahrining Navoiy shoh koʻchasida qurilmoqda.
Oʻquv muassasalari boshqa Prezident maktablari kabi 168 oʻquvchiga moʻljallangan. Bu yerda yotoqxona, stadion, basseyn, yopiq va ochiq sport zallari, kutubxona, bolalar dam olish joylari, chet eldan keladigan oʻqituvchilar uchun alohida mehmonxona, avtoturargoh, ota-onalar uchun kutish joyi boʻladi.
Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi sabab Prezident maktablariga oʻquvchilar qabuli nomaʼlum muddatga qoldirilgan edi.
Bu vaziyatga Agentlik tomonidan aniqlik kiritilishicha, Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida faoliyat yuritayotgan Prezident maktablariga 2020/2021 oʻquv yili uchun oʻquvchilarni beshinchi sinfga qabul qilish imtihonlari 2021-yilga qoldirilib, 2021/2022 oʻquv yilida oʻquvchilar beshinchi va oltinchi sinflarga qabul qilinadi. Imtihonlar esa bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
Aytish joizki, Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Prezident maktabiga bolaning oʻqish joyi boʻyicha hududiy tamoyil asosida qabul qilinadi. Bunda umumtaʼlim muassasalarining toʻrtinchi sinf bitiruvchilari imtihon asosida saralanadi.
Buxoro, Jizzax, Qarshi, Samarqand va Fargʻona shaharlarida ochiladigan Prezident maktablariga beshinchi sinfdan oʻninchi sinfgacha oʻquvchilar qabuli ham kelgusi yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Hozircha esa Prezident maktablarida oʻqish istagida boʻlgan oʻgʻil-qizlar imtihonlarga puxta tayyorgarlik koʻrishi va qoʻshimcha vaqtdan unumli foydalanib turishi mumkin.