4iG bilan raqamli infratuzilma rivoji muhokamada
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov shu kunlarda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Space Technology Conference STC-2026” xalqaro anjumani doirasida Vengriyaning 4iG kompaniyasi kosmik yo‘nalish bo‘yicha direktori va vitse-prezidenti Robert X.Nad bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, data-markazlar tashkil etish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mamlakatning qulay geografik joylashuvi va yaxshilanib borayotgan biznes muhiti katta hajmdagi ma’lumotlar infratuzilmasini joriy etishda muhim omil sifatida qayd etildi.

Tomonlar Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat fonida xavfsiz ma’lumot saqlashga bo‘lgan talab ortib borayotganini inobatga olib, O‘zbekistonni mintaqaviy data-xabga aylantirish imkoniyatlarini ham muhokama qildi.

Bundan tashqari, masofaviy bandlikni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va xalqaro kompaniyalar uchun autsorsing imkoniyatlarini kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning raqamli xizmatlar sohasidagi ulkan salohiyatini e’tirof etib, mamlakatni mintaqaviy IT va data-xabga aylantirish yo‘lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA