46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida qatnashadigan tarkib tasdiqlandi
Joriy yilning 15-27-sentabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkazilishi munosabati bilan dunyoning bir qator yetakchi mamlakatlari terma jamoalari tarkibini e’lon qilish ostonasida turibdi.
Dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratadigan mazkur nufuzli musobaqada yetakchi davlatlarning eng kuchli shaxmat jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi nizomiga muvofiq, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi yurtimizda o‘tkazilayotgani munosabati bilan mezbon mamlakat ushbu olimpiadada 3 ta tarkib bilan ishtirok etishiga izn berilgan.

Xo‘sh, mazkur musobaqada yurtimiz sharafini kimlar himoya qiladi? Shaxmatchilarimizning jamoalarga taqsimlanish holati qanday?
Kuni kecha shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi shaxmatchilarimizning qaysi tarkibda harakatlanishi bo‘yicha so‘nggi ro‘yxatni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston-1 terma jamoasi tarkibida Nodirbek Abdusattorov (2780), Javohir Sindorov(2776), Nodirbek Yoqubboyev(2689), Shamsiddin Vohidov (2637), Muhiddin Madaminov(2586) dona suradi.
2-terma jamoa Abdumalik Abdusalimov (2530), Jahongir Vohidov (2515), Muhammadzohid Suyarov (2534), Humoyun Begmurotov(2512), Ortiq Nig‘matov (2470)dan iborat etib belgilangan bo‘lsa, 3-terma jamoadan Saidakbar Saidaliyev (2454), Bahrom Bahrillayev (2446), Almas Rahmatullayev (2408), Muhammadali Abdurahmonov (2385), Asrorjon Omonov (2345) joy oldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA