Fransuzlar Makronga ishonmay qo‘ydimi?
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning ommaviy qo‘llab-quvvatlash darajasi 2017-yilda hokimiyatga kelganidan buyon eng past ko‘rsatkichga tushdi. “Ipsos BVA-Cesi” so‘roviga ko‘ra, fransuzlarning atigi 15 foizi prezident faoliyatini ijobiy baholagan, 82 foizi esa undan norozi.
Mamlakatda aholining xarid qobiliyati, ijtimoiy ta’minot tizimining kelajagi va davlat qarzi asosiy tashvishlar bo‘lib qolmoqda. Parlamentda byudjet muhokamalarining murakkab boshlangani, maktab o‘quvchilarining namoyishlari va yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar o‘lkada siyosiy vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda.
Makronning ehtimoliy siyosiy vorislari orasida o‘ng populistlar — Jordan Bardella va Marin Le Pen hanuz oldinda, ammo ularning reytingi ham pasaygan: Bardellaniki uch, Le Penniki to‘rt foiz tushib, mos ravishda 33 va 32 foizni tashkil etdi.
Bu pasayish “Mediapart” nashri Bardellaning “Facebook” akkauntidan antisemitik va fitna nazariyalariga oid xabarlar tarqatilgani haqida materiallar e’lon qilganidan keyin kuzatildi, u ayblovlarni rad etgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA