399 milliard so‘m: iste’molchi haqi o‘z egasiga qaytarilmoqda
Bir qarashda bu shunchaki katta raqam. Ammo 399,3 mlrd. so‘m ortida 11,7 million nafar iste’molchining manfaati turibdi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yildan 2026-yilning 7 oyiga qadar iste’molchilardan 137 785 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 86,7 foizi ijobiy hal etilgan.
E’tiborlisi, murojaatlar soni yildan-yilga oshib bormoqda. 2023-yilda 20,7 mingta murojaat qayd etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 53,7 mingtaga yetgan.
Murojaatlarning asosiy qismi odamlar har kuni duch keladigan muammolar — uy-joy kommunal va transport xizmatlari, savdo, aloqa, moliya hamda ijtimoiy xizmatlarga to‘g‘ri keladi.
Iste’molchi uchun eng muhimi murojaatning o‘zi emas, balki natija. Shu jihatdan, 399,3 mlrd. so‘mning qayta hisob-kitob qilinishi muhim ko‘rsatkich. Bu mablag‘ 11,7 million nafar iste’molchining manfaatiga daxldor.
Ya’ni bu raqamlar ortida oddiy fuqarolarning haq-huquqi tiklangani, ortiqcha to‘lovlar qayta hisoblangani va iste’molchining o‘z haqini talab qilish imkoniyati kuchayib borayotgani ko‘rinadi.
Bugun iste’molchi o‘z haq-huquqini bilsa va murojaat qilishdan qo‘rqmasa, har bir murojaat ortida adolatni tiklash imkoniyati bor.
Nigora Rahmonova, O‘zA