38 nafar talaba yangi o‘quv yilini Moskvada boshladi
2019 yilda Samarqand davlat universiteti va “Stankin” Moskva davlat texnologiya universiteti o‘rtasida memorandum imzolangan edi.
Unga ko‘ra tomonlar “2+2” dasturi asosida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ularga ikki taraflama diplom berishga kelishib olgandi.
Ushbu memorandumga muvofiq, Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakultetining 38 nafar talabasi yangi o‘quv yilini Moskva davlat texnologiya universitetida boshladi.
– Universitetimiz jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlik o‘rnatgani biz talabalarga boshqa yurtlarda o‘qib, bilimimizni oshirishimizda qo‘l kelmoqda, – deydi SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti 3-bosqich talabasi Diyorbek Isomiddinov. – Mana shu imkoniyatdan foydalanib, men bakalavr ta’lim yo‘nalishining qolgan ikki yilini Moskva davlat texnologiya universitetida davom ettiradigan bo‘ldim. Bu yerda barcha sharoit yaratilgan, buning uchun universitetimiz rahbariyatidan minnatdormiz.
– Rossiya oliy o‘quv yurtlari, jumladan, “Stankin” Moskva davlat texnologiya universiteti bilan hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi SamDU xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti dekani o‘rinbosari Azamat Ahmedov. – O‘tgan vaqt davomida universitetimiz talabalari Rossiya Federatsiyasida ta’lim oldi. Yangi o‘quv yilidan 38 nafar talabamiz 2+2 dasturi asosida o‘qishni Moskva davlat texnologiya universitetida davom ettirmoqda. Kelgusida mazkur kelishuv doirasida yana bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.