350 nafar xotin-qiz ishli boʻldi
Navroʻz bayrami arafasida “Indenim” masʼuliyati cheklangan jamiyati Surxondaryo viloyati aholisi va mehmonlar uchun ajoyib sovgʻa tuhfa etdi.
Navroʻz bayrami arafasida “Indenim” masʼuliyati cheklangan jamiyati Surxondaryo viloyati aholisi va mehmonlar uchun ajoyib sovgʻa tuhfa etdi. Termiz shahrida toʻrt qavatli zamonaviy koʻngilochar savdo markazini foydalanishga topshirdi.
Ayni paytda mamlakatimiz hududlarida 17 ta “Indenim” kiyim-kechak markazi aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Termiz shahrida bunyod etilgan yangi markaz ulardan tubdan farq qiladi. Muhtasham binoning birinchi qavatida mijozlar oziq-ovqat mahsulotlari va maishiy texnika vositalarini xarid qilishi mumkin. Ikkinchi qavatda “Indenim” brendi asosida Termiz shahridagi “ZIF TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyatida bolalar va kattalar uchun ishlab chiqarilgan kiyim mahsulotlari, uchinchi qavatda xorijning eng sara kiyim brendlari joy olgan. Shuningdek, milliy taomlar restorani barpo etilgan. Toʻrtinchi qavatda bolalar uchun oʻyingoh, bouling hamda fast-fud qurilib, zamonaviy usulda jihozlangan. Ekskalator va liftlar oʻrnatilgan.
Yangi markazning ishga tushirilishi bilan Termiz shahrida istiqomat qilayotgan toʻrt yuzga yaqin kishi doimiy ish bilan taʼminlandi. Ularning 350 nafari xotin-qizlardir.
– Oʻtgan yili kollejni tugatib, oʻzimga munosib ish izlayotgan edim, – deydi Termiz shahridagi Kattabogʻ mahallasida yashaydigan Shahrizoda Otamurodova. Yangi markazga ishga qabul qilishayotganini eshitib, bu yerga keldim. Did bilan qurilib, jihozlangan bino va yaratilgan sharoitlar menga manzur boʻldi. Ikkinchi qavatga sotuvchi boʻlib ishga kirdim. Mana shunday keng, yorugʻ va koʻrkam zamonaviy savdo markazida xalqimizga sifatli xizmat koʻrsatishdan faxrlanaman. Yaqin orada mijozlarga onlayn xizmat koʻrsatishni ham boshlaymiz.
Maʼlumotlarga koʻra, “Indenim” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Termiz shahridagi “ZIF TEXTILE” tikuvchilik korxonasi va mamlakatimiz hududlaridagi kiyim-kechak markazlari hamda Termiz shahrida qad rostlagan koʻngilochar savdo markazida 5 ming kishi mehnat qilmoqda.
Qurilish dizayni, jihozlanishi va koʻrkamligi bilan hozircha vohada yagona boʻlgan muhtasham koʻngilochar savdo markazining tantanali ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov soʻzga chiqdi.