340 gektar maydonda o‘rnatilgan quyosh panellari 400 million kVt/soat miqdorda elektr quvvati yetkazib beradi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatining Pop tumanida qurilgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasining ishga tushirilishi mintaqa hayotida yil voqeasi bo‘ldi.
“Next Solar Energy Group” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxonasi yangi yil arafasida birinchi bosqichdagi “Obi-hayot” hamda “Sardor” podstansiyalariga elektr energiyasi yetkazib berishga kirishdi. Har ikki stansiya Namangan shahri va yetti tumanni energiya bilan ta’minlaydi. Yashil energiya ishlab chiqarish ob’ektining dastlabki bosqichida 150 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, 340 gektar maydonda 200 MVt quvvatidagi quyosh panellari o‘rnatildi. Bu bilan yil davomida iste’molchilarga 400 million kVt/soat miqdorda ekologik jihatdan sof elektr quvvatlar yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
– Zamonaviy fotoelektr stansiya tejamkor ish tamoyili bilan katta ahamiyatga ega, - deydi Pop tumani hokimi A’zamjon Sultonov. – Uning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 110 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Atmosferaga 120 ming tonna zararli chiqindilar chiqishining oldi olinadi.
[gallery-21165]
Ta’kidlash kerak, o‘tgan 2024 yilning 26 martida qurilishiga start berilgan mazkur stansiya yaqin kunlarda bitkazilishi bilan, to‘la loyihaviy quvvatga erishadi hamda yiliga 500 MVtga teng energiya realizatsiya qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA