31 nafar ehtiyojmand ayolga tikuv mashinasi berildi
Buloqboshi tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarda yashayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish, ayniqsa, bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
–Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Xolisxon Xolmatova. – Tumanimizda ham bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Natijada ko‘plab opa-singillarimizning bandligi ta’minlanmoqda, ularning doimiy daromad manbai shakllantirilmoqda.

Tumandagi 37 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 4 ming 328 nafar ayol “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida ularning 303 nafariga yordam ko‘rsatildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 229 nafar ayolning bandligi ta’minlandi. Shundan 133 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 17 nafari pul to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 79 nafari o‘zini o‘zi band qildi. Bundan tashqari, 52 nafar qiz-ayol kasb-hunarga o‘qitilib, ularga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun 260 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Tumandagi ishsiz, tadbirkorlik, kasanachilik qilish orqali daromad topish istagida bo‘lgan, «Ayollar daftari» hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 31 nafar qiz-ayolga tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi.

–Tikuvchilik hunarini egallaganman, lekin tikuv mashinam yo‘qligi uchun bu ish bilan shug‘ullana olmayotgandim, – deydi Uchko‘cha mahallasida yashovchi Muazzam Yunusaliyeva. – Yangi tikuv mashinasi sotib olishga esa imkonim yo‘q edi. Tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari vakillari, mahallamiz xotin-qizlar faoli tavsiyasiga asosan subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasi oldim. Endi ishlab, daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.
Tumanda ko‘rsatilayotgan e’tibor va berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida subsidiya hisobiga tikuv mashinalari olib, o‘z xonadonida tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayollar safi tobora ortib bormoqda.

Umuman, tumanda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand ayollarning doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari