30 nafar xodim ishsiz qoladimi?
Arizada 30 nafar xodim ishdan boʻshatilgani taʼkidlangan.
Bir murojaat izidan
Qashqadaryo viloyatida joylashgan sobiq “Geoburneftgazservis” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ishdan boʻshatilgan bir guruh xodimlari nomidan shikoyat arizasi kelib tushdi. Arizada 30 nafar xodim ishdan boʻshatilgani taʼkidlangan.
Oʻrganishlar davomida aniqlandiki, davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Oʻzbekneftgaz” AJning 2019-yil 30-dekabrdagi qarori bilan “Geoburneftgazservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qoʻshib yuborish yoʻli bilan qayta tashkil etildi. Shu bilan “Geoburneftgazservis” MCHJ tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar, yaʼni (ish hajmi)ning bir qismi yangi tashkil etilgan tashkilotga olib berilgan.
Albatta, har bir korxona boshqa bir korxona tarkibiga qoʻshilar ekan, qoʻshilayotgan korxonada mehnat qilayotgan ishchi xodimlar taqdiri nima boʻladi, degan tabiiy savol tugʻiladi.
Mazkur savolga qonunchilik hujjatlari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 98-moddasi oydinlik kiritadi. Ushbu moddaga koʻra:
– korxona mulkdori almashganda, xuddi shuningdek, korxona qayta tashkil etilganda (qoʻshib yuborilgan, birlashtirilgan, boʻlib yuborilgan, qayta tuzilgan, ajratilgan) mehnat munosabatlari xodimning roziligi bilan davom etaveradi;
– yangi mulkdor korxonaning rahbari, uning oʻrinbosari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi boʻlmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir (100-modda ikkinchi qismining 6-bandi). Korxonaning boshqa xodimlari bilan esa, mehnat shartnomasi qonun hujjatlariga muvofiq holda bekor qilinishi mumkin.
– korxonaning bir organ boʻysunuvidan boshqa organ boʻysunuviga oʻtkazilishi mehnat shartnomasining amal qilishini toʻxtatmaydi.
Demak, bunday holatlarda “Geoburneftgazservis” MCHJ da mehnat shartnomalari asosida ishlab kelayotgan xodimlar bilan mehnat munosabatlari ularning roziligi asosida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan davom ettirilishi kerak.
Mavjud vaziyatda shunday yoʻl tutilgan ham. Yaʼni “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi M.Abdullayevning 2020-yil 3-fevraldagi 45/1-k-sonli buyrugʻi bilan “Geoburneftgazservis” MCHJda mehnat qilib kelayotgan xodimlar bilan mehnat munosabatlari 2020-yil 3-fevraldan boshlab “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan davom ettirilishi belgilandi. Mazkur buyruqda 150 nafar xodimning ism-sharifi va lavozimi toʻliq koʻrsatilgan.
Bir qarashda barcha ishlar qonunchilik doirasida, risoladagidek ketayotgan edi. “Geoburneftgazservis” MCHJ ishchi-xodimlari garchi aksiyadorlik jamiyati tarkibiga qoʻshilgan boʻlishsada, ularga MCHJdagi mavjud shtatlar jadvalidagi razryadlar boʻyicha, hech bir qoʻshimchalarsiz (bu yerda neft-gaz tizimidagi koʻtarilgan yagona taʼrif koeffitsiyentlari nazarda tutilmoqda) 2020-yil fevral, mart, aprel, may, iyun oylari uchun oylik ish haqi toʻlab berildi.
Biroq oradan hech vaqt oʻtmay, yuqoridagi PQ-4388-sonli qaror asos qilinib, “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Sh.Alirizayevning imzosi bilan “Geoburgʻuneftgazservis” MCHJning 30 nafar boshqaruv va muhandis-texnik xodimlariga mehnat shartnomasi 2020-yil 1-iyundan bekor qilinishi toʻgʻrisida ogohlantirish xati berildi.
Har qanday jamiyatda roʻy beradigan ijobiy oʻzgarishlar omili qonun ustuvorligidadir. Bugun yurtimizda ham qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlar tahsinga loyiq.
Xoʻsh, “Oʻzbekneftgaz” AJ masʼullari bu holatni qanday izohlaydi. Aksiyadorlik jamiyatiga mazkur masalada yoʻllagan savolimizga quyidagi mazmunda javob keldi va uni aslidagiday keltiramiz.
“Sizning “Geoburneftgazservis” MCHJning 30 nafar ishchi-xodimlarini ish bilan taʼmilanishi hamda “Geoburneftgazservis” MCHJni “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida xoʻjalik hisobida ish yurituvchi jamiyat sifatida saqlab qolinishi yuzasidan yuborgan murojaatingiz “Oʻzbekneftgaz” AJ masʼul xodimlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda oʻrganib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli qaroriga muvofiq, “Oʻzbekneftgaz” AJ ijro etuvchi apparati tarkibida tugatilayotgan boʻgʻinlarning vazifalari va funksiyalarini bajaruvchi tegishli boʻlinmani tashkil etish orqali tizim boshqaruvida ortiqcha boʻgʻinlarni qisqartirish, ishlab chiqarish boʻlinmalari ustidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqaruv oʻrnatish maqsadida neft-gaz qazib chiqarish va gazni qayta ishlash tashkilotlarini yuridik shaxs tashkil etmasdan “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining tarkibiy boʻlinma (boshqarma, zavod)lari etib qayta tashkil etish belgilangan.
“Oʻzbekneftgaz” AJning 2020-yil 3-apreldagi 132-sonli buyrugʻi bilan “Geoburneftgazservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tizimidagi obyektlar neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalariga biriktirilib, jamiyatning 150 nafar xodimi mehnat faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. Shuningdek, mazkur xodimlarga belgilangan oylik maoshlari hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ jamoa shartnomasida belgilangan davlat bayramlari munosabati bilan beriladigan ragʻbatlantirish toʻlovlari ham oʻz vaqtida berib kelinmoqda.
Bugungi kunda “Geoburneftgazservis” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 150 nafar xodimidan korxona boshqaruv apparatining 30 nafar xodimiga ish hajmining qisqarganligi tufayli Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 100-moddasi 2-qismi 1-bandiga muvofiq, ogohlantirish xatlari berilgan va mazkur ogohlantirish muddatlari tugagan boʻlishiga qaramay, hozirgi karantin davrida pandemiya sharoitida xodimlarning ijtimoiy ahvolini inobatga olgan holda mehnat shartnomalari bekor qilinmasdan davom etib kelmoqda”.
“Oʻzbekneftgaz” AJning javobidan anglashiladiki, 30 nafar xodim hali rasman ishdan boʻshatilmagan. Ammo karantindan soʻng ishchi-xizmatchilarning taqdiri nima boʻladi? Shikoyat-ariza mualliflarini shu masala oʻylantirmoqda.Umid qilamizki, “Oʻzbekneftgaz”AJ oʻz xodimlarini ishsiz qoldirmaydi.