30 ming dollar pora olgan shaxs ushlandi
Tadbirkorlik maqsadida foydalaniladigan yerlar faqat auksion orqali sotiladi.
Lekin “yer olib beraman”, degan kishi uchrab qolsa, odamlar hamon unga aytgan pulini qo‘shqo‘llab tutqazishga tayyor. Bunday “hojatbaror”lar ham qonunlarni yaxshi biladi. Chunki “yer olib beraman” degan so‘zlarga “auksionda yutishingizga qarashaman”, degan so‘zlar ham qo‘shilmoqda.
Fuqaro B.T. fuqaro N.ning ishonchiga kirib, unga O‘rtachirchiq tumani qurilish bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali “Istiqlol” mahallasi hududidan 90 gektar yer maydonini auksion orqali yutib berish evaziga 30 ming AQSH dollari so‘ragan.
Biroq, poraning umri juda qisqa ekan. U Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda pul olayotganda ushlandi.
Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Z.S. boshqa bir fuqaro S.ning ishonchiga kirib, Buxoro tumani “Kulonxona” mahallasi hududidagi o‘zi noqonuniy foydalanib kelgan zaxiradagi 8 sotix yer maydonini tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, evaziga 7,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA