3 noyabr – Panama mustaqilligi kuni
O‘zbekiston diplomatik munosabat o‘rnatgan 138-mamlakat – Panama Markaziy va Janubiy Amerika tutashgan manzilda, Atlantika va Tinch okeanlari oralig‘ida joylashgan, muhim yuk tashish yo‘lini ta’minlaydigan mamlakat.
Bundan 120 yil avval 1903 yil 3 noyabrda Kolumbiyadan ajralib, mustaqilligini e’lon qilgan Panama Respublikasi prezidentlik boshqaruv shakli, unitar hukumat va demokratik siyosiy rejimga ega davlat. Davlat nomi “ko‘p baliq bor joy” ma’nosini anglatadi. Bu atama dastlab Panama sharqi, Dariyen muzofotida istiqomat qilgan, keyinchalik yo‘qolib ketgan tub aholi Kueva (ispancha “Cueva”) qabilasi hindulari tilidan ommalashgan.
Rasmiy tili ispan tili bo‘lmish mamlakatning poytaxti Panama yalpi aholining 50 foizidan ko‘prog‘i to‘plangan asosiy shahar hisoblanadi.
Aholining aksari hindular va oqlardan hosil bo‘lgan aralash irqqa mansub.
Ba’zilar Panamani “uchinchi dunyo” mamlakati sifatida biladi. Aslida iqtisodiy o‘sish sur’ati va turli sohalarda yuz berayotgan o‘zgarish ushbu mamlakatni rivojlangan davlatlar uchun jiddiy raqobatchiga aylantirdi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari Shimoliy va Janubiy Amerika o‘rtasidagi strategik joylashuv tufayli yangilik tarqatish markazi vazifasini bajaradi. Panamaning adadi eng ko‘p gazetalari, ispan tilida nashr etiladi “La Prensa” (La Prensa), “Panama Amerika” (Panama Amyerica), “Kritika va El Siglo” (Critica El Siglo), “Kritika Libre va La Kronika” (Critica Libre La Crónica) haftalik gazetasi tahririyatlari poytaxtda joylashgan. Eng qadimiy gazeta –1849 yil 24 fevralda ingliz tilli “Panama yulduzi” nashri sifatida paydo bo‘lgan “Estrella de Panama” (La Estrella de Panama) o‘tgan asrda mamlakatdagi eng ko‘p adadda bosilgan ommaviy axborot vositasi hisoblanadi.
Panamada radioeshittirish dasturlari 1922 yil, televideniye esa 1956 yil efirga uzatila boshlangan. Rasmiy teleradiokompaniya – “Sistema Estatal de Radio y Televisión” 1961 yil tashkil etilgan bo‘lib, 1972 yildan ko‘rsatuvlarni rangli namoyish etib kelmoqda.
Mahalliy aholi madaniyati kishilar turmush tarzini belgilaydigan an’anaviy tushunchalar bilan bog‘liq. Oila va ijtimoiy xulq-atvor tushunchasini shakllantiradigan oilaviy qadriyatlarga muhim ahamiyat beriladi. Panamaliklar milliy urf-odatga qat’iy rioya qiladi, kiyim-kechak, raqs va musiqa yordamida ifodalanadigan an’anaviy marosimlar kundalik hayotda asosiy o‘rin egallaydi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA