3 nafar xodim bilan boshlangan faoliyat bugun 20 nafar uchun ish o‘rniga aylandi
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanidagi Istiqbol mahallasida faoliyat yuritayotgan “Fayzbaxsh” korxonasida erkaklar uchun kostyum shimlari ishlab chiqariladi. Korxona ichki bozor ehtiyojini sifatli mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash barobarida, yangi ish o‘rinlari yaratishga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Tadbirkor Muhammadjon Tojiboyev o‘z faoliyatini 2010-yilda atigi 3 nafar xodim bilan boshlagan. Bugungi kunda esa korxonada 20 nafarga yaqin mahalla fuqarosi doimiy mehnat qilmoqda. E’tiborlisi, ularning asosiy qismini ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar tashkil etib, bu aholi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-30600]
Yangi Namangan tumani hokimi Adham Qoraboyev korxona faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish jarayoni, mehnat sharoitlari hamda mahsulot sifatiga qaratilgan e’tiborni ko‘zdan kechirdi. Suhbat chog‘ida tadbirkor ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va mahsulot turlarini ko‘paytirish rejalari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida korxona faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA