3 nafar bola ona qaramog‘iga olib berildi
Ona uchun farzand – yuragining bir parchasi, ko‘zining nuri, qalbining huzuri. Bir on bolasini ko‘rmasdan yashash, undan yiroqda bo‘lish ona uchun iztirobli.
Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi A.Mamadaliyeva ham bir emas, 3 nafar o‘g‘lini 5 yarim oydan buyon ko‘rolmagan edi. Achinarlisi, kenja farzandi hali ona mehriga to‘yib ham ulgurmagan, 3 yoshni ham qarshilamagan.
Qandaydir sabablar tufayli 12 yillik turmushga darz ketgani, ayol va erining oralaridagi tushunmovchiliklar sabab uch norasida o‘gay onaning qaramog‘ida tarbiyalanib kelgan.
Bolalarining diydoriga mushtoq ona oxiri sudga murojaat qilgan. Adolatli qaror qabul qilinib, bolalar onasi qaramog‘iga qaytarilishi belgilandi.
Sobiq turmush o‘rtog‘i F.Mamadaliyev avvaliga farzandlarini onasi qaramog‘iga berishni istamadi. Bolalar ham onasidan yashirinishga urinar edi. Biroq, onaning mehrli so‘zlari va erkalashlari bolalari qalbida iliqlik uyg‘otdi.
Sud qarorining ijrosini ta’minlashga mas’ul Majburiy ijro byurosining Baliqchi tuman bo‘limi xodimlari mazkur oila a’zolari bilan tushuntirish ishlarini olib bordi. Natijada 3 nafar bola onasi qaramog‘iga olib berildi.
Nasiba Elibekova, O‘zA