Sud-ekspertiza sohasida Hindiston bilan hamkorlik qilinadi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Hindiston Milliy sud-ekspertiza fanlari universiteti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Globallashuv va raqamli texnologiyalar asrida jinoyatchilikning yangi transchegaraviy shakllariga qarshi kurashish sud-ekspertiza va kriminalistika sohasini tubdan yangilashni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, so‘nggi yillarda mamlakatimiz xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirib, mazkur yo‘nalishda dunyoning yetakchi markazlaridan biri bo‘lgan Hindiston bilan strategik sheriklikni yo‘lga qo‘ydi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi sud-ekspertlik va raqamli kriminalistika sohasidagi munosabatlar nafaqat ilmiy-tadqiqotlarni, balki yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini ham yangi bosqichga olib chiqdi.

Uchrashuv doirasida ikki muassasa o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan ma’lumot va fikr almashildi. Mazkur memorandum o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish hamda qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish uchun asos yaratadi.
Uchrashuv yakunlari va erishilgan kelishuvlar yuzasidan tegishli axborot belgilangan tartibda Adliya vazirligiga taqdim etildi.
G,Boboyeva,O‘zA