29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga
-
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Yevroosiyo iqtisodiy sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlash va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat mamnunman.
O‘tgan o‘n yillar davomida Sammit yetakchi siyosatchilar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan muhim muloqot maydoni sifatida o‘zini namoyon etdi.
Anjumanning Istanbulda o‘tkazilishi alohida ramziy ma’noga ega. Asrlar davomida bu betakror shahar Yevropa va Osiyo o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, mintaqalararo madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga beqiyos hissa qo‘shib keladi.
Bugungi kunda zamonaviy Turkiyada Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning “Turkiya asri” strategik g‘oyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni istar edim.
Turkiya global kun tartibidagi dolzarb muammolarni samarali hal etish yo‘lida o‘z sa’y-harakatlarini to‘liq safarbar etib, xalqaro munosabatlarning ishonchli va nufuzli ishtirokchisi sifatida ta’siri ortib bormoqda.
Prezident Erdog‘anning qat’iy intilishlari tufayli bugun O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari keng ko‘lamli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng ustuvor yo‘nalishlari Yevroosiyo iqtisodiy sammitining asosiy maqsadlari – teng huquqlilik, ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan keng qamrovli sheriklik va barqaror taraqqiyot tamoyillariga to‘la mos keladi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Bu galgi Sammitning asosiy mavzularidan biri sifatida suv tanqisligi va “yashil” resurslar sharoitida global mas’uliyat masalasi bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo tobora avj olayotgan iqlim xavf-xatarlariga, xususan, cho‘llanish, tuproq yemirilishi, suv tanqisligi va ekologik vaziyat yomonlashuviga duch kelmoqda.
Markaziy Osiyoda ushbu jarayonlar ayniqsa keskin namoyon bo‘lyapti: harorat oshish sur’atlari ko‘rsatkichi jahon miqyosidagi o‘rtacha me’yorlardan yuqori bo‘lib, muzliklar yemirilmoqda, tuproq degradatsiyasi kuchaymoqda.
Bunday sharoitda ekologik barqarorlikni ta’minlash Yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirishning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda, Orol dengizining qurigan tubida esa ulkan yashil himoya maydonlari yaratilmoqda.
Biz rivojlanishning yashil modeliga izchillik bilan o‘tmoqdamiz, bu jarayonda zararli chiqindilar hajmini 35 foizga qisqartirib, 2035-yilga qadar ularni 50 foizgacha kamaytirishni maqsad qilib olganmiz.
Shu bilan birga, suv resurslarini samarali boshqarish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har yili katta miqdorda suv zaxiralarini tejash imkonini beradi.
O‘zbekiston bundan buyon ham “yashil” kun tartibini faol ilgari surish hamda global ekologik xavflarni samarali hal etish yo‘llarini topishga hissa qo‘shishni faol davom ettiradi.
Shu munosabat bilan sizlarni mamlakatimizdagi xalqaro tadbirlarda, xususan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik jamg‘arma Assambleyasida va Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etaman.
Ishonchim komil, birgalikda amalga oshiriladigan sa’y-harakatlarimiz xalqaro iqlim hamkorligi kun tartibiga, jumladan, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bo‘lajak konferensiyasiga tayyorgarlik jarayoniga amaliy hissa qo‘shadi.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
O‘zbekiston keng ko‘lamli hamkorlik uchun doim ochiq va kelgusida ham barqaror rivojlanishni ta’minlashga ko‘maklashishga tayyor.
Biz barcha sa’y-harakatlarimizni birlashtirgan holdagina bugungi va kelgusi avlodlar uchun farovon kelajakni ta’minlay olamiz.
Sammit qatnashchilari faoliyatiga omad va katta amaliy natijalar yor bo‘lishini tilayman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti