25 yil oldingi jinoyat 2 yildan keyin sudda ko‘rib chiqiladi
AQSH harbiy sudi 2001-yil 11-sentabrdagi terror harakatini uyushtirishda ayblanayotgan Xolid Shayx Muhammad va uning uch nafar sherigi ustidan asosiy sud majlisini 2028-yil 5-iyunga belgiladi. Bu haqda “Reuters” agentligi sud hujjatiga tayanib xabar tarqatdi.
Tegishli qarorni AQSH Harbiy-havo kuchlari podpolkovnigi, sudya Maykl Shrama qabul qildi va jarayon Kubadagi Guantanamo harbiy bazasida bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Belgilangan kuni ish mazmunan ko‘rib chiqilishi emas, balki harbiy xizmatchilardan iborat sudyalar hakamini tanlash rejalashtirilgan. Hay’at a’zolari sudlanuvchilarning aybdor yoki aybsizligini aniqlab, yakuniy hukm chiqarishda ishtirok etadi. Tomonlarning kirish nutqi hakamlar hay’ati to‘liq shakllantirilgandan 30 kun o‘tib boshlanadi va shundan so‘ng ayblov hamda himoya tomoni dalillarni taqdim etadi.
Ish bo‘yicha Xolid Shayx Muhammad bilan birga Volid bin Attosh, Mustafo Al-Havsaviy va Ali Abdul Aziz Ali ham javobgarlikka tortilgan Ular o‘sha mash’um kun yo‘lovchi tashiydigan samolyotlarni olib qochib, Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi hamda Pentagon tomon harakatlantirgan.
Jinoyatchilar 2977 kishi hayot bilan vidolashgan fojiani uyushtirishda ayblanmoqda. Ayblanuvchilarga o‘lim jazosi berilishi mumkin. Aslida prokurorlar majlisni 2027-yil yanvarda boshlash taklifini bergan, biroq sudya bu vaqt ichida dalillarni qabul qilish va dastlabki masalalarni hal etish imkonsizligini bildirib, taklifni rad etgan.
Avvalroq ayblanuvchilar bilan bitim tuzilib, ularning aybiga iqror bo‘lishi evaziga o‘lim jazosi o‘rniga shartli ozodlik huquqisiz umrbod qamoq jazosi berilishi nazarda tutilgan edi. Keyinchalik bu kelishuv bekor qilindi. Bosh tashkilotchi sifatida ko‘rilayotgan Xolid Shayx Muhammad 2003-yil Pokistonda qo‘lga olingan va 2006-yildan beri Guantanamo turmasida saqlanyapti. Ushbu shov-shuvli ish bo‘yicha dastlabki tinglov 2012-yildayoq boshlangan. Dalil, so‘roq qilish usuli va bahs jarayoni sabab asosiy sud bir necha bor orqaga surilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA