23 iyun – Xalqaro olimpiya kuni
Bundan roppa-rosa 127 yil avval, baron Per de Kuberten boshchiligida Olimpiya o‘yinlarini tiklash uchun katta qadam qo‘yildi, ya’ni 1894 yilning 23 iyun kuni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ)ga asos solindi. Shu sabab ushbu sana butun dunyoda “Olimpiya kuni” sifatida keng nishonlanadi.
bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda sportni keng ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, Olimpiya harakatini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, jismonan sog‘lom bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Butun dunyoda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat sabab o‘tgan yili ushbu sana barcha davlatlarda onlayn tadbirlar tarzida nishonlandi. Bugun ham koronavirus pandemiyasi to‘liq ortga chekinmaganligi inobatga olingan holda bayramni ixcham va chiroyli o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Xususan, mamlakatimizda Olimpiya kuni munosabati bilan tashkil etilgan haftalik 28 iyunga qadar davom etib, uning doirasida turli ommaviy tadbirlar, qiziqarli musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
[gallery-2895]
Shuningdek, bugun Yaponiyaning Tokio shahrida start oladigan Tokio – 2020 – XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining startiga roppa-rosa 30 kun qoldi. Sport tadbiriga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hukumatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi ostida Turizm va sport vazirligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Shu munosabat bilan Milliy matbuot markazida Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov va qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Komilovlar ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Ayni holatga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi Tokio–2020 Olimpiya o‘yinlariga 72 ta, Paralimpiya o‘yinlariga esa 29 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Litsenzion davr to‘liq yopilmaganini inobatga olsak, mazkur ko‘rsatkichlar yaqin kunlar ichida yanada ortishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joiz, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi joriy yilning 23 iyul kuni Tokiodagi Olimpiya stadionida bo‘lib o‘tadi va musobaqa 8 avgustga qadar davom etadi.
Matbuot anjumanida soha vakillari ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytardi.
Muhammad AMIN (surat) O‘zA