21-fevral — Sud organlari xodimlari kuni etib belgilanishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Unda Oliy sud sudyasi Sardor Rahmidinov mazkur loyiha yuzasidan ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi sud hokimiyatining mustaqilligini, sudyalar maqomi va ularning huquqiy-ijtimoiy kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Jumladan, loyihaga ko‘ra, sudyalikka nomzodlar uchun yosh chegarasi 35 yoshdan 30 yoshga tushirilmoqda. Shuningdek, sudyalarni avval 5 yillik muddatga, so‘ngra muddatsiz davrga tayinlash tartibi joriy etilmoqda. Amalda ushbu muddat 10 yilni tashkil etardi.
Sudyalik lavozimlari, xususan, sud raisi va o‘rinbosarlariga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilmoqda. Sudyalarning malakasini muntazam oshirishning aniq tartibi belgilanmoqda. Sudyaning almashtirilmasligi uning mustaqilligining muhim kafolati sifatida mustahkamlanmoqda. Sudyaning kasbiy faoliyatini baholash va mansab pog‘onalarida o‘sishining aniq mezonlari joriy qilinmoqda.

— Mazkur qonun loyihasi bilan intizomiy javobgarlik asoslari aniqlashtirilib, yangi chora — quyi sudyalik lavozimiga o‘tkazish instituti joriy etilmoqda, — deydi deputat Z.Mavlonov. — Sudyalarni rotatsiya qilishning aniq asoslari va bunda ularning mustaqilligini ta’minlash kafolatlari belgilanmoqda. Bundan tashqari, sudyalarni davlat tomonidan himoya qilishning olti turdagi xavfsizlik chorasi hamda “iste’fodagi sudya” instituti taklif etilmoqda. Sudyalarning ijtimoiy kafolatlari yanada kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, sud tizimida amalga oshirilgan muhim islohotlar ramzi sifatida 21-fevral sanasini “Sud organlari xodimlari kuni” etib belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan Oliy sud raisining sudlar va sud apparati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha vakolatlari ham kengaytirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasidagi normalar sudyaning mustaqilligini mustahkamlash, uning daxlsizligi va xavfsizligini ta’minlash, kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Zero, sudya qanchalik mustaqil bo‘lsa, fuqaroning adolatga bo‘lgan ishonchi shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA