2027-yil 1-yanvardan boshlab saratonoldi va saraton kasalliklariga chalingan bemorlarni tashxislash, davolash uchun zarur bo‘lgan dori-darmon va tibbiy jihozlar BMTning taraqqiyot dasturi doirasida xarid qilinib, hududlarga yetkazib beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, aholi o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini erta aniqlashning yangi dasturlari doirasida:
a) xalqaro klinik qo‘llanmalar, standart operatsion muolajalar, bemorlar marshrutlari hamda savolnomalar o‘tkazish amaliyotga joriy etiladi;
b) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda hududlardagi markaziy laboratoriyalar oshqozon, kolorektal hamda prostata bezi saratonini erta aniqlash uchun test to‘plamlari, reaktiv, reagentlar va sarflov materiallari bilan ta’minlanadi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab bemorlar soni, bir bemorga talab etiladigan kunlik miqdor, davolash kursining davomiyligi, mavjud zaxira hamda demografik holatni inobatga olgan holda saratonoldi va saraton kasalliklariga chalingan bemorlarni tashxislash va davolash uchun zarur bo‘lgan dori va sarflov vositalari, reaktiv va reagentlar hamda tibbiy jihozlar BMTning taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda xarid qilinadi hamda hududlarga yetkazib beriladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-402-son qarori bilan tasdiqlangan 2025-2030-yillarda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi doirasida reaktiv va reagentlarni boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xhamkorlikda xarid qilinishi mumkin.
Qaror bilan:
a) Saratonga qarshi kurashish milliy dasturi;
b) Saratonga qarshi kurashish milliy dasturini amalga oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasi;
v) Saratonga qarshi kurashish milliy dasturini amalga oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
g) Saratonga qarshi kurashish milliy dasturini amalga oshirish uchun respublika onkologiya muassasalarini zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlashning manzilli taqsimoti tasdiqlandi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida saraton kasalliklariga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda quyidagi xizmatlar xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadi:
a) saraton kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olishda o‘tkaziladigan laborator va instrumental diagnostik tekshiruvlar;
b) saraton kasalliklarini tashxislash va ularning bosqichini aniqlash. Bunda molekulyar-genetik tashxis usullarining ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, ularni qoplash qiymatini belgilash va to‘lovlarni amalga oshirish tartibi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishiladi;
v) jarrohlik amaliyotlari;
g) medikamentoz (birinchi guruhdagi (bazaviy) o‘smaga qarshi, gormonal hamda qo‘llab-quvvatlovchi terapiyada qo‘llanadigan dori vositalari) va nur terapiyasi;
d) palliativ yordam;
j) reabilitatsiya va dispanser kuzatuvi bo‘yicha xizmatlar.
O‘zA