2026-yilning birinchi yarmida 343 mingdan ortiq pedagog “Metodik marafon”da qatnashdi
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida 2026-yilning birinchi yarim yilligida ta’lim sifati va mazmunini takomillashtirish, sohani raqamlashtirish hamda pedagoglarni kasbiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida qator ishlar amalga oshirildi.
Bu haqda Markazning yarim yillik faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’lim tizimining me’yoriy-huquqiy va metodik asoslarini mustahkamlash maqsadida 7 ta me’yoriy hujjat loyihasi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori loyihasi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Ta’limda sun’iy intellektni rivojlantirish konsepsiyasi”, “Yagona ta’lim ekotizimi”ni yaratish hamda umumiy o‘rta ta’limda baholash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash bo‘yicha hujjatlar loyihalari tayyorlandi.
O‘quv dasturlari va ta’lim kontentini takomillashtirish doirasida matematika, tabiiy fanlar, kimyo, informatika va musiqa fanlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari hamda dasturlari loyihalari ishlab chiqildi. 60 dan ortiq darslik va o‘quv-metodik majmua muhokamadan o‘tkazilib, 210 ta metodik tavsiya va dars ishlanmasi amaliyotga tatbiq etildi.
Hisobot davrida “5–6-sinflarda tabiiy fanlarni STEM yondashuvi asosida o‘qitish” va “Ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish etikasi” kabi 4 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratildi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun PIRLS xalqaro tadqiqoti formati asosida 8 ta mashq daftari ishlab chiqildi. Shuningdek, 10–11-sinf o‘quvchilarining STEM ta’limiga qiziqishini oshirishga qaratilgan “STEM Bus” loyihasi bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Raqamli ta’limni rivojlantirish maqsadida maktabgacha ta’lim uchun “O‘zbek tili” interfaol platformasi hamda “O‘quv-metodik faoliyatga oid atamalar lug‘ati” elektron tizimi ishga tushirildi. Pedagoglar va ta’lim oluvchilar uchun 52 ta videodars, 300 ta illyustratsiya va o‘nlab animatsion materiallar tayyorlandi.
Pedagoglarni kasbiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida 2026-yilning yanvar va iyun oylarida tashkil etilgan “Metodik marafon” tadbirlarida respublika bo‘yicha 343 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Ular uchun 4 ming 600 dan ortiq mahorat darsi o‘tkazildi. “Kasbiy rivojlanish soati” va “Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlari doirasidagi 12 ta “Meetup” uchrashuvida esa 5 ming 200 nafardan ortiq pedagog qamrab olindi.
Yanvar–aprel oylarida maktabgacha, umumiy o‘rta va kasbiy ta’lim tashkilotlari psixologlari uchun “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” mavzusida o‘quv-seminarlar tashkil etildi. 80 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi ishtirokida 848 nafar psixolog trener sifatida tayyorlanib, hududlarda kaskad usulidagi seminarlarni o‘tkazishga jalb qilindi. O‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish xavfini erta aniqlash va oldini olish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, Respublika ishchi guruhining yig‘ilishi o‘tkazildi.
Xalqaro baholash tadqiqotlari doirasida 2026-yilning aprel–may oylarida respublikaning 14 hududidagi 164 ta maktabda PIRLS 2026 xalqaro tadqiqotining asosiy sinov bosqichi o‘tkazildi. May oyida esa 27 ta maktabda TIMSS 2027 tadqiqotining tajriba-sinov jarayonlari tashkil etildi.
IBRO-2025 olimpiadasining matematika fani natijalari tizimlashtirilib, keng qamrovli tahlil qilindi. Shuningdek, elektron platforma orqali fuqarolarning o‘zbek tilini bilish darajasi hamda ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan, 14 ming 100 nafardan ortiq ishtirokchini qamrab olgan ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Xalqaro va mahalliy hamkorlikni kengaytirish doirasida UNICEF, Qozog‘istonning “O‘rleu” markazi, Koreyaning Kookmin universiteti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, memorandumlar imzolandi. Markaz vakillari Yaponiya va Efiopiyada tashkil etilgan xalqaro ta’lim loyihalari hamda seminarlarda ishtirok etib, ilg‘or tajribalarni o‘rgandi.
Hamroz Bayonov, O‘zA