2025 yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, 2025 yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Ular:
a) kichik va o‘rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda - 34 foizga, eksportda - 34 foizga va aholi bandligini ta’minlashda 75 - foizga yetkazish;
b) kamida 600 nafar kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining yiriklashishiga ko‘maklashish orqali ularni "chempion" tadbirkorlarga aylantirish;
v) ichimlik va oqova suv, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini kamida 2 baravarga oshirish;
g) 100 nafardan ko‘p ishchisi bor tadbirkorlik sub’ektlari sonini 4 mingga yetkazish;
d) Sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish hisobiga kamida 100 ta kichik va o‘rta biznes sub’ektlarida brend mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
ye) kichik biznes sub’ektlari ishtirokida kamida 200 ta startap loyihalarni amalga oshirish;
j) uzoq muddatli ijaraga berilgan 30 ming gektar ekin yer maydonida yuqori daromadli ekinlarni yetishtirish, 16 ta ixtisoslashgan agrokompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda 9 ta zamonaviy agrosanoat xo‘jaligini tashkil qilishdan iborat bo‘ladi.
2025 yil 1 maydan boshlab "o‘zini o‘zi band qilgan shaxe - yakka tartibdagi tadbirkor - kichik biznes-o‘rta biznes-yirik korxona" zanjiri asosida tadbirkorlik sub’ektlarining yiriklashuvini rag‘batlantirish bo‘yicha:
a) o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi;
b) o‘z faoliyatini tegishincha yakka tartibdagi tadbirkor, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida - 150 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi;
v) o‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik sub’ektlariga - bir yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) yetti kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi mexanizmi joriy qilinadi.
2025 yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 120 trillion so‘m, shu jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 22 trillion so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratiladi.
Farmonga muvofiq:
a) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida yangidan tashkil etilgan va hisob raqamida yetarli mablag‘lar aylanmasiga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga ularning garov ta’minotidan kelib chiqib kredit ajratishga ruxsat beriladi;
b) 2025 yil 1 iyulga qadar yuridik shaxslarga onlayn rejimda mikrokredit ajratish jarayonlari soddalashtiriladi va ularni tezkor tasdiqlash mexanizmlari joriy qilinadi;
v) Kichik biznesni uzluksiz kqo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida Ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlagan kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga ushbu fuqarolar uchun tashkil qilingan har bir ish o‘rniga qo‘shimcha ravishda 10 million so‘mdan, 10 va undan ko‘p bunday ish o‘rinlarini tashkil qilgan sub’ektlarga 100 million so‘mgacha 3 yilgacha muddatga yillik 14 foiz stavkada aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
g) Ijtimoiy himoya milliy agentligi tijorat banklari bilan birgalikda ushbu bandning “v" kichik bandida keltirilgan talablar bajarilishini doimiy monitoring qilib, belgilangan mezonlarga amal qilmagan qarz oluvchilar bo‘yicha kredit foiz stavkasi bozor stavkalariga o‘tkaziladi.
Tez va yuqori sur’atlarda o‘sayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini “chempion" tadbirkorlarga aylantirish dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida "chempion" tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, unga quyidagi mezonlarga javob beradigan tadbirkorlik sub’ektlari kiritiladi:
a) tuman (shahar) darajasida-har bir tuman (shahar)da kamida 2tadan yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 50 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida - har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan va 500 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari;
v) respublika darajasida - yillik aylanmasi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan va 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratgan tadbirkorlik sub’ektlari.
Farmon bilan:
a) 2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati;
b) 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan Milliy hunarmandchilik faoliyatining yo‘nalishlari ro‘yxati va "Hunarmand" uyushmasiga a’zo bo‘lish mezonlari tasdiqlandi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab 2028 yil 1 yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes sub’ektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilinadi. Shuningdek, 2028 yil 1 yanvarga qadar "Birinchi imkoniyat" tamoyili joriy etiladi va uning doirasida birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid ma’muriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
2025 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:
a) oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard so‘mdan oshmagan;
b) byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hkamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
v) "Xavfni tahlil qilish" elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
O‘zA