2023 yilda ko‘mak hajmi oshadi...
Rossiya-Ukraina
BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits Ukrainada bo‘lib turibdi. U to‘rt kunlik tashrifi davomida mahalliy hokimiyat, gumanitar tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchilari va xalq bilan muloqot o‘tkazishni rejalashtirgan, deyiladi BMT matbuot xizmati xabarida.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bilan uchrashib, “Ukrainadagi barcha AESlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro agentlik missiyasini joylashtirish” masalasini muhokama qildi. Bu haqda Grossi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
AQSH – Afrika sammiti arafasida afrikalik davlatlarga 55 milliard dollar mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi xabarlar ortidan Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan “Vashington Afrika davlatlarini Ukraina masalasidagi o‘z qarashini qo‘llashga majbur qilmaydi”, dedi.
“NBC” telekanali Pentagondagi manbasiga tayanib, mudofaa vazirligi Vashington tomonidan yetkazib berilayotgan qurol-yaroq nazoratini kuchaytirish maqsadida Ukrainada vakillarini ko‘paytirmoqchi, deya xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Ukrainada, taxminan, 20 nafar amerikalik harbiy AQSH qurollari harakatini kuzatib turibdi. Shuningdek, muhim qurollanish, jumladan, havo mudofaasiga qarshi majmua tizimidan foydalanishda Ukraina armiyasiga yordam beradigan ekspertlar yuborishni mo‘ljallab turibdi.
Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy “Netflix” sharhlovchisi Devid Lettermanga bergan intevyusida AQSH ko‘magisiz mamlakat o‘ta og‘ir ahvolda qolishini tan oladi, dedi:
- Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasida AQSH yetakchi. Ziddiyat tugagach, biz Qo‘shma Shtatlarning yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘lamiz.
Shu bilan birga Zelenskiy “U tomondan yordam sekinlashib qolganini” ham qayd etib o‘tdi.
Avstriya federal kansleri Karl Nexammer Ukraina va Bosniya-Gersegovinani zudlik bilan YeIga qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmasligi haqida gapirgan.
Yettilik guruhi mamlakatlari yetakchilari Ukrainadagi ziddiyatni nihoyasiga yetkazish, adolatli tinchlikka erishish bo‘yicha Zelenskiyning tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan uchrashuv yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonot shu haqda guvohlik beradi.
Buyuk Britaniya hukumati raisi Rishi Sunak “yettilik” davlatlarini 2023 yilda Ukrainaga yordam harakatini birlashtirish va ko‘mak miqdorini kamaytirmaslikka chaqirdi. Shuningdek, mazkur guruh MAGATEning Zaporoje AESda xavfsizlik hududi yaratish borasidagi intilishini ham qo‘llashini bildirdi.
Italiya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Ukrainani tiklashda faol qatnashish to‘g‘risida bayonot bilan chiqdi.
“Hozirgacha Italiya elektr manbalari faoliyatini tiklash uchun ushbu mamlakatga juda ko‘p miqdorda material jo‘natdi. Bu xayrli ishni davom ettiramiz”, dedi u “ANSA” agentligiga.
YeI mamlakatlarining doimiy vakillari 2023 yil Ukrainaga 18 milliard yevro ajratish to‘g‘risidagi qarorni bir ovozdan ma’qulladi, deya ma’lum qilgan Chexiya vakolatxonasi.
Abror XON,
O‘zA