2021-yil dunyoda saylovlar yili bo‘ldi
2021 yilda koronavirus va ushbu kasallik shtammlari tarqalishi, siyosiy nizo yoki dunyoning turli burchaklarida kechayotgan urush, namoyish va tabiiy ofatga qaramasdan, saylovchilar o‘z mamlakatlari taqdirini belgilash uchun saylovlarda faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini butun xalqaro jamoatchilik e’tirof etdi.
Markaziy Osiyoda Qirg‘iziston xalqi ham umumiy va prezidentlik saylovida, shuningdek, konstitutsiyaviy referendumda ovoz berdi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning 12 yillik faoliyati nihoyasiga yetdi, Eron prezidentligiga konservativ nomzod Ibrohim Raisiykeldi.
Sentyabr oyida Rossiya parlamentiga saylovda “Yedinaya Rossiya” partiyasi o‘rinlarning yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritdi.
Yevropaning eng mashhur siyosatchilaridan biri, Germaniya kansleri Angela Merkel o‘z xalqi farovonligi yo‘lidagi 16 yillik xizmatidan so‘ng siyosat bilan xayrlashdi.
Bu yil, shuningdek, Qatarda birinchi qonunchilik saylovi bo‘lib o‘tdi, saylovchilar Sho‘ro kengashi a’zolarini saylash uchun ovoz berdi.
Yanvar-fevral
Qozog‘istonda 1995 yildan beri ilk bor o‘tkazilgan parlament saylovida birinchi prezident Nursulton Nazarboyev boshchiligidagi hukmron “Nur Otan” partiyasi 71,9 foiz ovoz olib, 5 siyosiy partiya orasida peshqadamlikni qo‘lga kiritdi.
Markaziy Osiyoning yana bir davlati – Qirg‘iziston aholisi 10 yanvar kuni mamlakat prezidentini saylash uchun saylov uchastkalariga keldi. Sobiq bosh vazir Sadir Japarov 79 foizdan ko‘p ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi. Shu kuni konstitutsiyaviy referendum o‘tkazildi.
Qirg‘iziston saylovchilari 11 aprel kuni referendum orqali konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ovoz berdi. 28 noyabrda esa muddatidan oldin parlament saylovi bo‘lib o‘tdi va olti partiya 90 o‘rinli parlamentga kirish uchun kurashdi.
Portugaliya prezidenti Marselo Rebelo de Sousa 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan so‘rovda ikkinchi muddatga qayta saylandi. Afsuski, 2022 yil 30 yanvarda hukumat inqirozi sababli muddatidan oldin prezidentlik saylovi kutilyapti.
14 fevral kuni kosovoliklar mamlakat parlamentidagi 120 o‘ringa yangi a’zolar uchun muddatidan oldin ovoz berdi va Albin Kurti boshchiligidagi “Reshay sam” partiyasi, deyarli, 50 foiz natija ko‘rsatdi. Kosovo parlamenti 4 aprel kuni Vosa Usmoniyni mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi.
Mart
Gollandiya. 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi muddatga saylovda bosh vazir Mark Ryutte boshchiligidagi Ozodlik va Demokratik konservativ xalq partiyasi parlamentda 35 o‘rin bilan g‘alaba qozondi.
23 mart kuni isroilliklar erta saylovda ovoz berishdi va Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi birinchi o‘rinni egalladi. 14 iyun kuni esa hukumatni eng ko‘p muddat boshqargan Netanyaxu lavozimini Yamin partiyasi rahbari Naftali Bennetga topshirdi.
Aprel
Jibutining amaldagi prezidenti va hukmron “Taraqqiyot uchun xalq birlashuvi” partiyasi rahbari Ismoil Umar Gelleh 9 aprel kuni qayta saylandi.
11 aprel kuni “Imkoniyatlar partiyasi” nomzodi va bankir Gilermo Lasso Ekvador prezidentligiga saylovning ikkinchi bosqichida 52,52 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Edi Rama boshchiligidagi Albaniya Sotsialistik partiyasi 25 aprel kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida 140 o‘rindan 74 tasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, Rama uchinchi muddat hokimiyatda qolishga muvaffaq bo‘ldi.
May
6 may kuni mamlakat parlamentiga saylovda Mustaqillik referendumini o‘tkazishga va’da bergan Shotlandiya milliy partiyasi (SNP) g‘alaba qozondi.
Ozod Peruning chap qanot nomzodi Pedro Kastilo mamlakatda saylov natijasini kutgan holda bir oydan ortiq bosim ostida qolgach, prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi.
Suriya yetakchisi Bashar al-Asad 26 may kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘olib, deb e’lon qilindi. Saylovni o‘tkazish qarori, davom etayotgan harbiy mojaroga qaramay, qabul qilindi. Prezidentlik saylovi natijasi xalqaro hamjamiyat va muxolifat tomonidan noqonuniy, deb topildi. Ayni payt 10 milliondan ziyod suriyalik qochoq sifatida mamlakatni tark etgan.
Iyun
Jazoirning hukmron partiyasi – Milliy ozodlik fronti (FLN) 12 iyun kuni bo‘lib o‘tgan umumiy saylovda g‘alaba qozondi va parlamentdagi 407 o‘rindan 98 tasini qo‘lga kiritdi. Moliya vaziri Aymon Bin Abdulrahmon yangi hukumat tuzdi.
Eron sud tizimi rahbari Ibrohim Raisiy mamlakat prezidentligi saylovida g‘alaba qozondi. Raisiy 18 iyun kuni o‘tkazilgan so‘rovda 17,92 million ovoz to‘plab, mamlakatning sakkizinchi prezidentiga aylandi.
20 iyun kuni Armanistonda navbatdan tashqari parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi 53,91 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Sobiq prezident Robert Kocharyanning Armaniston alyansi 21,09 foiz ovoz olgan.
Iyul-avgust
Moldova prezidenti Maya Sanduning “Harakat va birdamlik” partiyasi 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovida g‘alaba qozondi.
Zambiyaning asosiy muxolifat yetakchisi Xakainde Xichilema 12 avgust kuni mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida 15 yillik to‘siqni yengib o‘tib, g‘alabaga erishdi.
Sentyabr
8 sentabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Marokashning Mustaqil Milliy Assambleyasi (RNI) g‘alaba qozondi. RNI 102 o‘rin egalladi. Kutilmaganda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi parlamentdagi 90 foizdan ko‘proq ovozini boy berdi.
Norvegiya leyboristlari yetakchisi Yonas Gar Stur boshchiligidagi chap qanot guruhi 13 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida 2013 yildan buyon hokimiyat tepasida turgan konservativ bosh vazir Erna Solbergni yengdi.
17-19 sentabr kunlari parlament saylovida prezident Vladimir Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasi Rossiyadagi o‘rinlarning yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritib, 49,85 foiz ovoz olib, parlament quyi palatasidagi 324 o‘rinni naqd qildi.
Kanada Bosh vazirining Liberal partiyasi navbatdan tashqari saylovda birinchi o‘rinni egalladi.
Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (SPD) 26sentyabrda bo‘lib o‘tgan umumiy saylovda 25,7 foiz ovoz olib, SPDni 2002 yildan beri ilk bor saylov g‘olibiga aylantirdi. Yangi hukumat tuzilishi bilan Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel 2021 yilda 16 yillik xizmatdan so‘ng siyosat bilan xayrlashdi.
Oktyabr
Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida O‘zbekiston Prezidenti etib qayta saylandi.
Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi (LDP) yetakchisi Kisida Fumio yana bosh vazir etib saylandi. Oxirgi oltmish yil davomida Liberal-demokratik partiya (LDP) hukmronlik qilgan 126 milliondan ziyod aholiga ega mamlakatda 31 oktyabr kuni yangi hukumatni saylash uchun saylov bo‘lib o‘tdi.
Iroq shia ulamosi Muqtada as-Sadrning Sayra alyansi 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovda 329 a’zo bilan parlamentdagi 73 o‘rinni band qildi. Ikkinchi o‘rinni esa 37 o‘rin bilan parlament spikeri Muhammad al-Halbusiyning “Takaddum” (taraqqiyot) partiyasi egalladi.
Ko‘pgina shia guruhlari saylov natijasiga e’tiroz bildirdi va butun mamlakat bo‘ylab ko‘pchilik qayta sanashni talab qildi. Mamlakatdagi norozilik namoyishlari ortidan 27 oktyabr kuni rasmiylar Nineviya, Bobil va Bag‘dod viloyatidagi siyosiy partiyalar shikoyat qilgan 2000 dan ortiq saylov qutisini cheklangan qo‘lda qayta sanashni boshladi.
Noyabr
2007 yildan beri hokimiyat tepasida turgan Nikaragua prezidenti Daniyel Ortega 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida ham g‘alaba qozondi. AQSH ma’muriyati Nikaraguadagi saylovni “soxta” va “nodemokratik”, deb baholadi.
Argentinaning sobiq prezident Maurisio Makri boshchiligidagi konservativ muxolifatdagi Juntos por el Cambio (Birgalikda o‘zgarish uchun) partiyasi Senatdagi kurashda 46 foiz, parlamentga nomzodlar esa 14 noyabr kuni 42 foiz ovoz olgan.
Lotin Amerikasi davlatida 2010 yildan beri hukmronlik qilgan Venesuela Birlashgan Sotsialistik partiyasi (PSUV) meriya saylovida g‘alaba qozondi.
19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Chilidagi prezidentlik saylovida Gabriyel Borik g‘alaba qozonib, 35 yoshida mamlakat tarixidagi eng yosh yetakchiga aylandi. Borik 56 foiz, uning raqibi Xose Antonio Kasta 44 foiz ovoz olgan.
Bolgariyaning amaldagi rahbari Rumen Radev 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi.
Avvalroq Liviya prezidentlik kengashi tomonidan 24 dekabrga belgilangan prezidentlik va parlament saylovi bir necha kun oldin 1 oy muddatga kechiktirildi.
Internet materiallari asosida
Ulug‘bek Mahmirzayev tayyorladi.