2020 yilga oid Davlat dasturi ijrosi qanday bajarildi?
Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.
Qayd etilganidek, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan, sanoat – 100,7 foizni, xizmatlar – 102,3 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi – 103,0 foizni tashkil qilgan.
Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyatining pandemiya sharoitida cheklanishi joriy yilda savdo aylanmasiga hamda xizmatlar sohasining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, savdo aylanmasi hajmi 194,8 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 103,2 foizga bajarilgan.
Jami xizmatlar hajmi 218,9 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 102,3 foizga o‘sgan. Moliya sohasida 25,6 foiz, aloqa va axborotlashtirish sohasida 115,3 foiz, ta’lim sohasida 7,4 foiz ko‘rsatilgan xizmatlarda yuqori o‘sish qayd etilgan.
Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga 3 trillion 962 8 milliard so‘m sarflangan.
Ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilishi va kapital ta’mirlashga 3 trillion 423 8 milliard so‘m, korxonalarni moliyaviy ko‘llab-quvvatlashga 2 trillion. 485 8 milliard so‘m xarjlangan.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga 1 trillion 340 miliard. so‘m, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini qurish va zarur infratuzilmani yaratishga 1 trillion 22 8 milliard so‘m, mahalliy byudjetlar va pensiya jamg‘armasi yo‘qotishlarini qoplashga esa 595 8 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar tasarruf etilgan.
Xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan 9,8 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilgan.
2020 yilda 197 yirik loyiha ishga tushirilgan. Natijada jami 38 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Shu bilan birga, Davlat dasturining 58 bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari mas’ul idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, 20 band ijro muddati uzaytirilgan.
Majlisda Dasturda belgilangan vazifalarning hududlar kesimida o‘z vaqtida va sifatli bajarilganligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ish olib borish lozimligi ta’kidlandi.