20 yillik tajribadan yangi taraqqiyot sari
Hindiston poytaxti Yangi Dehlida BRIKS davlatlari rahbarlarining 18-sammiti boshlandi. Dunyoda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi o‘zgarishlar jadal kechayotgan bir paytda o‘tayotgan mazkur uchrashuv BRIKS doirasidagi hamkorlikning kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish uchun muhim muloqot maydoniga aylanmoqda.
Sammitning birinchi qismida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etib, BRIKS hamkorligining 20 yillik tajribasi, dunyodagi o‘zgarishlar va tashkilot oldida turgan yangi vazifalar haqida so‘z yuritdi. Uning nutqida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, innovatsion taraqqiyotni rag‘batlantirish, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish hamda global boshqaruv tizimini takomillashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
BRIKS uchun joriy yil alohida ahamiyatga ega. Zero, hamkorlik mexanizmida bir qator yirik rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni birlashtirgan platforma o‘z ishtirokchilari doirasini kengaytirib, siyosiy, iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar sohalardagi muloqotning muhim maydoniga aylandi.
Si Szinpin BRIKSning bugungi salohiyatini baholar ekan, o‘tgan ikki o‘n yillikni mustaqil taraqqiyot yo‘llarini izlash, umumiy qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tish va amaliy hamkorlikni kengaytirish davri sifatida ta’rifladi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro moliyaviy inqiroz, pandemiya va iqlim o‘zgarishi kabi umumiy chaqiriqlar mamlakatlarning o‘zaro hamkorligi qanchalik muhim ekanini ko‘rsatdi.
Ayni paytda dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar BRIKS oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Global iqtisodiyotdagi beqarorlik, mintaqaviy mojarolar, savdo cheklovlari, xavfsizlik sohasidagi murakkabliklar va xalqaro boshqaruv tizimini takomillashtirish zarurati xalqaro hamjamiyatdan yaqin muloqot va o‘zaro hamkorlikni talab etmoqda.
Shunday sharoitda BRIKSning roli, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarning umumiy manfaatlarini ilgari surish, xalqaro iqtisodiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash va global muammolarga birgalikda yechim izlash nuqtai nazaridan tobora ahamiyat kasb etmoqda.
Si Szinpin BRIKS davlatlarini zamonaviy taraqqiyot jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirib, to‘rt ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi. Ular innovatsion taraqqiyotni rag‘batlantirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni kengaytirish hamda global boshqaruv tizimini takomillashtirishdan iborat.

Innovatsiyalar yo‘nalishida, avvalo, sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy-texnologik yutuqlarni o‘zaro almashish va ularni amaliyotga joriy etish masalasi ilgari surildi. Xitoy BRIKS davlatlari bilan sun’iy intellektdan yangi sanoatlashuv jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashda foydalanish, tadqiqot va ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi.
Tinchlik va xavfsizlik masalasida esa muloqot, kelishuv va diplomatik yondashuvga ustuvor ahamiyat berish zarurligi qayd etildi. BRIKS mamlakatlari xalqaro va mintaqaviy ziddiyatlarni siyosiy vositalar orqali hal etishga konstruktiv hissa qo‘shishi kerakligi ta’kidlandi.
Bu nuqtai nazar, ayniqsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashayotgan bir paytda dolzarbdir. Si Szinpin Xitoy BRIKS davlatlari bilan birgalikda Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi mintaqasida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
BRIKS kun tartibida iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik bilan bir qatorda gumanitar aloqalarni rivojlantirish ham muhim o‘rin tutmoqda. Madaniyat, turizm, ta’lim va yoshlar almashinuvini kengaytirish xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch hamda tushunishni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Global boshqaruv masalasi esa BRIKSning xalqaro maydondagi pozitsiyasini belgilaydigan muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Si Szinpin xalqaro munosabatlarni demokratlashtirish, yanada adolatli va oqilona global boshqaruv tizimini shakllantirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzini saqlash va ko‘p tomonlama savdo tizimini qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.

Sammit doirasida qabul qilingan “Yangi Dehli deklaratsiyasi”da ham BRIKS davlatlarining o‘zaro hurmat, suveren tenglik, birdamlik, ochiqlik va konsensus tamoyillariga sodiqligi yana bir bor tasdiqlandi. Hujjatda tinchlik, yanada adolatli xalqaro tartib, ko‘p tomonlama tizimni isloh qilish, barqaror taraqqiyot va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga alohida urg‘u berilgan.
Shu ma’noda, Yangi Dehlidagi uchrashuv BRIKSning nafaqat o‘tgan 20 yillik faoliyatiga nazar tashlash, balki o‘zgarib borayotgan xalqaro muhitda hamkorlikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xitoy kelasi yil BRIKSga raislik qiladi va tashkilot davlatlari rahbarlarining 19-sammitiga mezbonlik qiladi. Bu esa hamkorlikning navbatdagi bosqichida innovatsion taraqqiyot, tinchlik va xavfsizlik, iqtisodiy sheriklik hamda global boshqaruv sohalarida yangi tashabbuslar ilgari surilishi kutilayotganidan dalolat beradi.
BRIKSning ikki o‘n yillik tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, turli iqtisodiy va siyosiy salohiyatga ega davlatlarni umumiy manfaatlar, o‘zaro hurmat hamda amaliy hamkorlik tamoyillari atrofida birlashtirish xalqaro muloqot uchun muhim imkoniyat yaratadi. Yangi Dehlidagi sammit ana shu hamkorlikni yangi sharoitlarga mos ravishda rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA