20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni...
Bolajonlar — har bir xalqning quvonchi, baxti, ertangi kunining davomchisidir. Mamlakatimizda bolalarni har jihatdan himoya qilish, ularning iste’dod va iqtidorini yuzaga chiqarishga, qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi.
Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 20 noyabr Butunjahon bolalar kuni sifatida e’lon qilingan. Ushbu sana butun dunyoda katta bayram sifatida nishonlanadi. Bu borada Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika «Barkamol avlod» bolalar maktabi direktori Sevara Mahmudova O‘zA muxbiriga quyidagilarni bayon qildi:
— Bolalar va o‘smirlar har qanday jamiyatning eng ojiz a’zolaridir, — deydi Sevara Mahmudova. Afsuski, zamonaviy dunyoda ularning istak va huquqlariga tez-tez putur yetkaziladi, hatto rivojlangan davlatlarda ham bolalar huquqlari buzilishi holatlari uchraydi. Qoniqtirmaydigan shart-sharoitlar – bola huquqlari buzilishining eng tarqalgan ko‘rinishi. Munosib va xavfsiz bo‘lmagan, sanitar sharoitlarsiz joyda bolalarning yashashi va rivojlanishi qiyin. Antisanitar sharoitlarda salomatlik mustahkam bo‘lmaydi, xavfsiz bo‘lmagan hududda esa o‘yin o‘ynash ehtiyoji amalga oshmaydi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili o‘n bir million bola besh yoshiga to‘lmasdan vafot etadi. Yana o‘n millionlab bola jismoniy yoki aqliy jihatdan kasal bo‘lib qoladi, o‘sish, yashash va rivojlanishga imkoniyati bo‘lmaydi.
Bu kabi holatlarga e’tiborsiz bo‘lmaslik va oldini olish maqsadida 1959 yil 20 noyabr sanasida «Bola huquqlari haqidagi Deklaratsiya» hamda 1989 yilda «Bola huquqlari to‘g‘risida Konvensiya» qabul qilindi. Bola huquqlari inson huquqlarining xalqaro hamjamiyat diqqat markazida turgan muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Xususan, BMT 1954 yil 14 dekabrda butun dunyoda bolalar farovonligini ta’minlash hamda mazkur tashkilotning bolalar bo‘yicha faoliyatini kengaytirish va kuchaytirish maqsadida barcha mamlakatlarga 20 noyabrni Butunjahon bolalar kuni sifatida keng nishonlashni tavsiya qildi. Bayram bolalar farovonligini oshirishga, dunyo miqyosida bolalar manfaati yo‘lida BMT tomonidan olib borilayotgan ishlarni kuchaytirishga qaratilgan.
bugungi kunda O‘zbekistonda bolalar va ularning ta’lim-tarbiya masalasi davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan. Boisi, bolalarni sog‘lom va har tomonlama yetuk inson qilib voyaga yeteazish, bu har bir davlatning ertasini belgilaydi.
Bu borada «Barkamol avlod» maktablari aziz bolajonlarimizning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarishga bel bog‘lagan. Ertangi kunimiz davomchilari bo‘lgan farzandlarimizning hayoti farovon, Vatanga sodiq, haqiqiy barkamol avlod bo‘lib yetishishi yo‘lida bor imkoniyatlarimizni ishga solishga e’tibor qaratyapmiz. Tinch-osoyishta yurtimizda bolajonlarimizning baxtli kulgilari, ko‘zni quvnatadigan ulkan yutuq va natijalari bardavom bo‘laversin!
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA