20-mart — Xalqaro baxt kuni
Bayramdan koʻzlangan asosiy maqsad har bir inson baxtli boʻlishga haqli ekanini koʻrsatishdan iborat. Buning uchun faqat harakat, harakat va yana harakat zarur. Baxtli boʻlish esa juda ham osondir.
Insoniyatning asosiy maqsadi baxtdir. BMT Bosh Assambleyasining 2012-yil 28-iyun kuni qabul qilgan rezolyutsiyasiga binoan sayyoramizdagi har bir insonning baxtga intilishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili 20-mart kuni Xalqaro baxt kuni (International Day of Happiness) nishonlanadi.
Butan, Birlashgan Arab Amirliklari, Venesuela, Ekvador va Shotlandiyada Baxt vazirligi bor. “Baxtga intilish dunyodagi barcha odamlarning umumiy tuygʻusi” degan fikrni Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼqulladi. Butan qirolligi taklif qilgan mazkur gʻoya BMT Bosh Assambleyasida xalqaro hamjamiyatga aʼzo barcha 193 ta mamlakat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Shu tariqa A/RES/66/281 raqamli rezolyutsiya qabul qilindi. Hujjatda barcha mamlakatlarni har bir odamning farovonligini yaxshilashga chaqiriladi.
Bayramdan koʻzlangan asosiy maqsad har bir inson baxtli boʻlishga haqli ekanini koʻrsatishdan iborat. Buning uchun faqat harakat, harakat va yana harakat zarur. Baxtli boʻlish esa juda ham osondir.
Xalqaro Gallup International WIN tadqiqot agentliklari mustaqil uyushmasi har yili sayyoramiz aholisi oʻrtasida “Yil yakuni” (End of the Year) mavzuida ijtimoiy soʻrov oʻtkazadi. Respondentlarga beriladigan savollar orasida ananaviy tarzda baxtli ekani haqida ham soʻraladi. Soʻrov natijalarini tahlil qilgan mutaxassislarning fikricha, sayyoramiz aholisining 66 foizi, toʻgʻrirogʻi har uch insonning ikkitasi oʻzini baxtli hisoblaydi. Oʻzini baxtsiz hisoblovchilar atigi 10 foizni tashkil qiladi. Respondentlarning 23 foizi baxt nimaligini his qilmasliklarini, shaxsiy hayotlarida baxt yoʻqligini aytishgan.
Qayerda taraqqiyot va umid boʻlsa, oʻsha yerda baxt mavjud boʻlishi oʻz isbotini topmoqda. Oʻzini baxtli hisoblovchi insonlar asosan Osiyo va Janubiy Amerikada istiqomat qilishi aniqlandi. Gʻarbiy Yevropa aholisi esa tushkun kayfiyatda ekani oydinlashdi. Kuzatuvchilarning fikricha, aholining qoʻlidagi boylik baxtni anglatmaydi. Baxtga tinchlik va xotirjamlik hukm surgan yurtdagina erishiladi. Daromadi yuqori boʻlgan mamlakatlarga nisbatan daromadi pastroq boʻlgan davlatlarda yashayotgan insonlar oʻzlarini baxtli sanashi baxt pulda emas degan maqolning nechogʻli toʻgʻriligini isbotlamoqda.
AQSHning Prinston universiteti olimlarining fikricha, baxt mutlaqo pulga bogʻliq emas. Chunki baxtni pulga sotib olib boʻlmaydi. Bu tadqiqotni eng taniqli ikki olim – psixolog, Nobel mukofoti sovrindori, professor Daniel Koznman hamda iqtisodchi Alan Kryuger amalga oshirgan. Ularning xulosasiga koʻra, boylar boshqalarga nisbatan baxtliroq emas va boʻlolmaydilar ham!..
Gallup International WIN vitse-prezidenti va Romir tadqiqot xoldingi prezidenti Andrey Milexinning aytishicha, baxtga erishish tushunchasi u yoki bu millatning madaniyatidan dalolatdir. Yaʼni qayerda ertangi kunga ishonch va umid boʻlsa, oʻsha yerda eng baxtli insonlar istiqomat qiladi.
Soʻnggi yarim asr mobaynida dunyo mamlakatlari iqtisodiyoti sezilarli darajada yuksalgan boʻlsa-da, “Baxt koʻrsatkichi” hamon oʻzgarmay qolyapti. Daromadi juda oshib ketgan kishilar oʻzlarini boshqalarga nisbatan baxtliroq his etishmayapti. Aksincha, boylarning ishlari boshlaridan oshib-toshib yotibdi va ular oʻzlari uchun yashash vaqtiga egalik qilolmayapti.
Baxt faqat mol-dunyo, amal, martaba yoki oʻtkinchi his-tuygʻulardan iborat emas. Insonga berilgan har bir neʼmat baxtdir. Kishining oilasi, bola-chaqasi tinch-xotirjam boʻlsa, tanasi sogʻ-salomat boʻlib, ovqatlangani taomi boʻlsa, bunday inson oʻzini baxtli hisoblasa boʻladi.
Toʻgʻri baxtga osonlik bilan erishilmaydi. Buning uchun mehnat qilish va unga intilish kerak. Donishmandlardan biri aytganidek, insonlar baxtli boʻlishga haqli va shu bilan birga baxtli boʻlishga majbur.