Musiqa maktabining yangi binosi
Namangan tumani markazi – Toshbuloq shaharchasidagi bolalar musiqa va san’at maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, xususan, san’at yo‘nalishida o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2008-yil 8-iyulda qabul qilingan “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
– 150 o‘ringa mo‘ljallangan san’at maktabida iqtidorli yoshlarning o‘zlari qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha qobiliyatini o‘stirishi, ta’lim jarayonlarini zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil qilish uchun barcha sharoit muhayyo, – deydi bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Uchqunbek Tojiboyev. – 200 o‘rinli konsert zali yoshlarda sahna madaniyatini shakllantirish bilan birga, o‘quvchi va o‘qituvchilarning hisobot konsertlarini o‘tkazish, tuman miqyosida yosh ijrochilar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar, bayram tadbirlarini tashkil etishga xizmat qiladi.